Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda lmazor tumanida bolalar maydonchasi joylashgan hudud sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Toshkent shahar hokimligi “Yangi sebzor” mahallasida joylashgan bolalar maydonchasi taqdiri haqida tashvishlangan fuqarolarga minnatdorchilik bildirib, holat yuzasidan tushuntirish berdi.
Projects.toshkentinvest.uz platformasi E-auksion tizimi bilan integratsiyalangan shaffof auksion tamoyilidagi maydoncha hisoblanadi. Obyektlarni sotish yoki ijaraga berishdan olingan barcha mablag‘lar mahalla va tuman rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
“Bunday obyektlarni sotib olish tadbirkorga mas’uliyat yuklaydi va natijada aholi farovonligiga xizmat qiladi: yangi ish o‘rinlari yaratiladi, infratuzilma yaxshilanadi, ijtimoiy-iqtisodiy samara beradi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Qayd etilishicha, “Yangi Sebzor” mahallasi “Obod mahalla” dasturi doirasida yangilanishi belgilangan bo‘lib, mahallaning yangi bosh rejasi bevosita aholining istaklari va ular bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan.
Bunda, aholi tomonidan bolalar maydonchasi joylashuvini o‘zgartirish, uni transport qatnovi qismidan ichkariroqqa ko‘chirish istagi bildirilgan. Shuningdek, loyiha hududdagi daraxtlarning kesilishini istisno qiladi.
“Obod mahalla” dasturi doirasida uni xavfsizroq joyga ko‘chirish, qoplamasini yangilash va yangi arg‘imchoqlar hamda jihozlar bilan to‘ldirish rejalashtirildi. Bu poytaxtning 60ta boshqa mahallasida amalga oshirilayotgan ishlarning davomi hisoblanadi.
Mahalllalarda bolalar maydonchalaridan tashqari, yoritish tizimi yangilanmoqda, sug‘orish tizimi o‘rnatilmoqda, qo‘shimcha daraxt va butalar ekilmoqda, yangi o‘rindiqlar, ayvonchalar hamda chiqindi qutilari kabilar o‘rnatilmoqda.
Yangi elektron savdo platformasi tumanlar kesimida bo‘lingan hamda lotlarni tanlash orqali, obyekt haqida qisqacha ma’lumot olish va E-auksion tizimiga o‘tish mumkin.
Avvalroq Toshkentning olti tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi jarayon faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.