Turkiyada “Telegram” messenjeri bloklanishi mumkin. Bu haqda “Türkiye” va “Sabah” nashrlari yozmoqda.
Qayd etilishicha, Turkiya Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi (BTK) “Telegram"da noqonuniy kontent borligi haqida 1000dan ortiq ogohlantirish bergan, ammo hech qanday javob olmagan.
Gap giyohvand moddalar sotiladigan, qimor o‘yinlari, fohishalik va pedofiliya targ‘ib qilinadigan “Telegram” kanallari haqida bormoqda, deb yozadi nashrlar.
Ta’kidlanishicha, agar messenjer hech qanday chora ko‘rmasa, Turkiyada bloklanishi “ehtimoli ortib boradi”. Nashrlarda Telegram noqonuniy kontentni qaysi muddatda olib tashlashi kerakligi aniqlanmagan.
Turkiya “Telegram"dan foydalanuvchilar soni (8 mlga yaqin) bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda turadi.
2-avgust kuni Turkiya hukumati “Instagram"ni bloklagandi. “NTV” bu qarorini Falastinning XAMAS radikal harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan nashrlarni o‘chirib tashlash bilan izohladi.
Xususan, Turkiya prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi boshlig‘i Fahrettin Altun platformaning harakatlarini “senzuraga bo‘lgan juda aniq va ravshan urinish” deb atadi.
“Instagram"ga kirish 10-avgust kuni qayta tiklandi. Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, platforma vakillari bilan muzokaralar chog‘ida ular Anqaraning shartlarini bajarishga va’da berishgan.
Rasmiyning aniqlik kiritishicha, gap kontentning senzurasi va Turkiya qonunchiligi bilan taqiqlangan materiallarni olib tashlash haqida ham ketmoqda.
Avvalroq “Spot” Rossiyada “Google”, “Android” va “iOS” bloklanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Bu haqda Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksey Didenko ma’lum qilgan va boshqa platformalarga o‘tishni maslahat bergan.
Biroq ushbu kompaniyalarga nima sababli, qachon va qancha muddatga cheklov kiritilishi ochiqlanmagan.