Fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini differensial tartibda pasaytirilgan stavkada qo‘llash masalasini alohida ishchi guruh o‘rganadi. Bu haqda 10-avgust kuni qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan biznes muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev ma’lum qildi.
Muloqotda tadbirkorlardan biri QQS bo‘yicha savol bilan murojaat qildi. U birinchi to‘lovchi sifatida fermerlar uchun to‘lanadigan soliq miqdori katta ekanligini, bu ularga og‘irlik qilishini qayd etdi.
Qudbiyev QQSni pastroq stavkalarda qo‘llash va bu qo‘llangan taqdirda fermerlar tomonidan sotib olingan yoqilg‘i hisob-kitobi qanday bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bu masala ko‘rib chiqilmoqda, ammo aniq yechim hali topilmagan.
Bunga javoban yig‘ilishning yana bir ishtirokchisi avvalroq boshqa mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, stavkani 1%ga tushirish taklif qilinganini ta’kidladi. Bu stavkani pasaytirish qishloq xo‘jaligidagi “qora bozor"ni “oqqa olib chiqish” bilan izohlandi.
Soliq qo‘mitasiga Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi sohasida QQS muammosini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzish taklif etildi. Bu orqali soliq solinadigan baza, soliq solish obyekti hamda hisob-kitob qilish tartibi bilan bog‘liq masalalarning tizimli yechimi ishlab chiqilishi kutilmoqda.
“Juda to‘g‘ri [fikr]. QQS shunaqa soliq-ki, buning uchun alohida boshqarma tashkil etilgan, u faqat QQS bilan ishlaydi. [U] bevosita ishlab, hisoblash nima bo‘ladi, MXIK nima bo‘ladi, hisob-kitobi nima bo‘ladi — [shu bo‘yicha] shug‘ullanadi.
Surxondaryolik muloqotning yana bir ishtirokchisi Toshkentdagi mehmonxonalardan biriga ro‘yxatdan o‘tayotganda bank kartasidan to‘lovni qabul qilishmaganini bildirdi. Qudbiyev mehmonxonalarda to‘lov terminallaridan foydalanishni alohida nazorat qilish zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq mazkur uchrashuvda tadbirkorlardan biri Surxondaryo, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda sholi ekishga cheklov kiritishni taklif qilgandi. Tadbirkor fermerning 10% yeriga sholi ekishni belgilab berishni, undan ortiq ekkanlarni esa jazolash kerakligini qayd etdi.