Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev 2024-yilda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha joriy ma’lumotlarni taqdim etdi. Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida vazir axboroti tinglandi.
Musayev joriy yilda o‘qishni tamomlagan 214 ming nafar bitiruvchining 41%i yoki 88 ming nafari Yagona milliy bandlik tizimi orqali ishga joylashish imkoniga ega bo‘lganini ta’kidladi.
Biroq, 59% yoki 126 ming nafar yosh mutaxassislar hali ham ishsiz. Avgust oyida har bir bitiruvchini yashash joyidan kelib chiqib, tuman va shahar bandlik tizimlari orqali ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Vazir yoshlarning ishsizlik muammosini hal qilish uchun avgustdan sentabrgacha tashkilotlar bilan faol ish olib borilishini ta’kidladi.
Hozirda mamlakatda 358 mingta bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 112 mingtasi oliy ma’lumotga ega bo‘lishni talab qiladi.
Bo‘sh ish o‘rinlarining umumiy sonidan 81 mingtasi davlat organlarida, 277 mingtasi esa xususiy sektorda. Eng ko‘p ochiq pozitsiyalar quyidagilarda kuzatiladi:
- xizmat ko‘rsatish sohasi — 96 ming;
- ta’lim — 56 ming;
- sanoat va ishlab chiqarish — 57 ming;
- qishloq xo‘jaligi — 48 ming;
- qurilish — 32 ming;
- sog‘liqni saqlash — 26 ming;
- moliya va sug‘urta — 5 ming;
- aloqa va axborot texnologiyalari — 7 ming;
- madaniyat — 4 ming.
Shuningdek, yilning ikkinchi yarmida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Xususan, yig‘im-terim mavsumi boshlanishi bilan qishloq xo‘jaligiga 500 mingga yaqin aholini jalb etish rejalashtirilgan.
Turizm sohasida, xalqaro avtomobil yo‘llari va savdo markazlarida, ko‘p qavatli uylar qurishda, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etishda, ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilishda, hamda 5 mingdan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Yil boshida prezident 5 mln kishini ish bilan ta’minlash dasturi qabul qilinishini ma’lum qilgan edi. O‘tgan yili 16 ta tuman va shaharda ish o‘rinlari yaratish rejasi atigi 30%ga bajarilgan.
Shuningdek, Bandlik vazirligiga 100 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini o‘qitish va xorijga jo‘natish topshirildi.
Avvalroq “Spot” 2024/2025-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlangani haqida yozgandi.
Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlari to‘lov-kontrakt miqdorlarini mustaqil belgilashadi.