Joriy yilning 15-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tuman sudida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlanadi. Bu haqda Oliy sud saytidagi ma’lumotlarga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.

Aziz Voitovga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Jumladan:

  • 167-modda 3-qismi “a” va “v” bandlari (ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 205-modda 2-qismi “a” bandi (ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
  • 206-moddasi 2-qismining “a” bandi (ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 209-moddasi 2-qismining “a” bandi (mansab soxtakorligi).

Mazkur ishda tadbirkorlar Orzubek Otabayevich Rajabov va Alisher Fazlitdinovich Urinbayev ham ayblanmoqda.

Xususan, “Beltepa Master Stroy” ta’sischisi Orzubek Rajabov o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, mansab soxtakorligi hamda pora berish, hujjatlarni soxtalashtirish yoki ulardan qalbakiligini bila turib, foydalanishda ayblanmoqda.

“Lanell Group” va “Rainbow-Teks” kompaniyalari asoschisi Alisher Urinbayevga esa o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish aybi qo‘yilgan.

O‘tgan yilning oktabr oyida Aziz Voitovning qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. U 2022-yilning avgust oyi oxiridan mazkur lavozimda ishlagan.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri dekabrga kelib hibsga olindi. Unga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish yuzasidan tergov o‘tkazilgan.