“BMW” AQShda starterning haddan tashqari qizib ketishi muammosini hal qilish uchun 105 558ta avtomobilni qaytarib olishini aytdi. Bu haqda “ixbt” nashri xabar berdi.
“IT Home” nashrining “Reuters"ga tayanib yozishicha, qaytarib olish kompaniyaning “X5”, “X7”, “3 Series”, “7 Series” 2019 va 2020-yildagi modellari va boshqa modellarni o‘z ichiga oladi.
AQSh Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ta’kidlashicha, agar starter dvigateli ishlamay qolsa, avtomobilni qayta ishga tushirishga urinishlar starter motorining haddan tashqari qizib ketishiga va eng yomon holatlarda dvigatel bo‘linmasi yonishiga olib kelishi mumkin.
“BMW” starterning qizib ketishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun dasturiy ta’minot yangilanishini chiqaradi.
Avvalroq “BMW” AQShda 390 mingdan ortiq avtomobillarini qaytarib olishi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, qaytarib olishga nuqsonli “Takata” xavfsizlik yostiqchalari sabab bo‘lgan.
“Gaz generatorining portlashi o‘tkir metall parchalarini avtomobil haydovchisiga yoki boshqa yo‘lovchilarga qarab sochilishi mumkin, bu esa hayot uchun xavfli jarohatlarga olib kelishi mumkin”, deyiladi AQSh yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasi xabarida.
Kompaniya 2006−2011 yillardagi 3-seriyali sedan (324i, 325i, 325xi, 328i, 328xi, 330i, 330xi, 335i, 335i, 335xi), 2006−2012 yillarda chiqarilgan 3-seriyali sport modellari (325xi, 328i, 328xi) va 2009−2011 yillardagi 3-seriyali sedan (335d) modellarini chaqirib olish mumkinligi ma’lum qilindi.
“Takata” xavfsizlik yostiqchalari bilan bog‘liq muammolar 2014 yilda aniqlangan. 2017-yil boshida yapon ishlab chiqaruvchisi da’volarni bartaraf etish va tergovni tugatish evaziga AQSh rasmiylariga 1 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.
Jami 100 mln avtomobilda hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan, gaz generatori korpusi vaqt o‘tishi bilan yorilib ketadigan va ishga tushirilganda salonga ko‘plab metall parchalarini tashlab yuborishi mumkin bo‘lgan “Takata” xavfsizlik yostiqchalari topilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2009-yildan beri shunga o‘xshash hodisalar 30 martadan ko‘proq o‘limga olib kelgan.