Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mamlakatda omonatlarni kafolatlash tizimi bilan barcha banklar qamrab olinmagan. Ko‘plab jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi Xalq banki omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etmasdan, unga joylashtirilgan omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi. Bu esa moliya xizmatlari bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq hajmda kafolatlangani omonatchilar tomonidan bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan o‘z mablag‘larini yuqori foizli omonatlarga joylashtirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Jahon banki tomonidan mamlakatdagi banklarning “Omonatlarni kafolatlashning samarali tizimi asosiy tamoyillari"ga muvofiqligi o‘rganilganda, 16ta asosiy tamoyildan 8tasi bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlarga erishish mumkin emasligi yoki bunday maqsadlarga zid qoidalar mavjudligi aniqlangan.
Qonun loyihasida omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish, uni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi belgilanmoqda — 200 mln so‘m.
Mazkur miqdorni belgilashda omonatlarning amaldagi holati tahlil qilindi. U 99,7% omonatchilarning banklardagi mablag‘lari to‘liq kafolatlanishini ta’minlaydi.
Qonun tashabbuskorlari kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmasligini va ular omonatchilari oldida o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘lishini qayd etishdi.
Bu esa omonatchilar mablag‘larining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega ekanligini bildiradi.
Yana bir muhim masala — kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi muayyan shaxsning faqat bitta bankdagi omonatiga tatbiq etiladi.
Bu shaxs bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarda o‘z omonatlariga ega bo‘la turib, mazkur banklarning barchasi tugatilgan taqdirda ham qonun loyihasi bilan yaratilayotgan tizim barcha omonatlarni bir xilda kafolatlaydi.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bank tizimi barqarorligini ta’minlash orqali aholi va tadbirkorlar mablag‘lari but saqlanishiga, bank yopilib ketishi sabab, pul mablag‘larini yo‘qotishdan qo‘rqmasdan o‘z biznesini yuritishiga xizmat qiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda mikromoliya banklari faoliyatini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Mazkur bank ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘m etib belgilanadi.