Qozog‘istonda ular onlayn kreditlar berishni taqiqlashni taklif qilmoqdalar. Yangi tashabbus “Xak-Nazar” jamoat fondi tomonidan epetition.kz saytida e’lon qilingan.

Murojaat mualliflariga ko‘ra, yuqori foiz stavkalari va kredit berishning noaniq shartlari ko‘pincha odamlarni “qarz tuzog‘iga” tushiradi, undan qutulish qiyin.

Shuningdek, ular onlayn kreditlash jinoyatlar — firibgarlik, o‘g‘irlik va tovlamachilik ko‘payishiga sharoit yaratgan, deb hisoblaydilar.

“Onlayn kreditlar olishning osonligi zaif aholi orasida qarz yukining oshishiga va moliyaviy beqarorlikka olib keladi. Yuqori foiz stavkalari va shaffof bo‘lmagan kreditlash shartlari ko‘pincha odamlarni qarz tuzog‘iga soladi, undan chiqish qiyin va ba’zilar uchun bu imkonsiz bo‘lib qoladi”, deyiladi petitsiyada.

Bundan tashqari, murojaat mualliflari mikrokreditlar berishda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qilishgan.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Markaziy banki onlayn kredit berish talablarini kuchaytirayotgani haqida yozgandi.

“Onlayn kredit olish masalasidagi firibgarlik bizni juda o‘ylantirayotgan masala. Nafaqat bizni, balki butun dunyo markaziy banklarini o‘ylantirayotgan masaladir. Biz qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritdik. Iyul oyida bu o‘zgarishlar Senatda qabul qilindi”, — deydi Mamarizo Nurmuratov.

Nurmuratov bu bo‘yicha banklarga minimal talablar belgilanayotganini ta’kidladi. Bu fuqarolar tomonidan kredit rasmiylashtirilishini cheklab qo‘yish amaliyoti bo‘lib, tizim orqali banklarning kredit berish imkoniyati cheklanadi.

Bundan tashqari, kredit olish jarayonida haqiqatdan ham kreditni shaxsning o‘zi olishini tekshirish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Jarayon ikki usulda amalga oshiriladi. Birinchi usulda bevosita kredit olmoqchi bo‘layotgan shaxs xabardor qilish orqali, ikkinchi usulda kredit olish jarayonida haqiqatdan ham fuqaro tomonidan olinayotganiga ma’lum vositalar bilan rozilik berish tizimi orqali nazorat qilish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.