Amerikaning “Sierra Nevada Corporation” kompaniyasi AQSh harbiy-havo kuchlari bilan O‘zbekiston uchun samolyotlarni restavratsiya qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda AQSh Mudofaa vazirligi xabar berdi.
$64,2 mlnlik shartnoma shartlariga ko‘ra, “SNC” samolyotni yangilaydi, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda logistika bilan ta’minlaydi. Ish O‘zbekistonda amalga oshirilib, 2027-yilning 7-avgustigacha yakunlanishi belgilangan.
Bu buyurtma avvalroq tuzilgan yirik shartnomaning bir qismi bo‘lib, “Xorijiy harbiy savdo” (FMS) dasturi doirasida moliyalashtiriladi. Shartnoma yagona manba jarayoni orqali topshirildi — “SNC” ishni bajarish uchun tanlangan yagona kompaniya edi.
Birinchi Pilatus PC-12 biznes-jeti “Uzbekistan Airways” aviaparkida 2021-yilda paydo bo‘lgan. Aviakompaniya mazkur voqeani O‘zbekistonda biznes aviatsiyasi “taraqqiyoti boshlanishi” deb ta’rifladi.
Biroq kompaniya uni qanday shartlar asosida — sotib olish, lizing yoki ijaraga olinganiga aniqlik kiritmadi. Tashuvchi, shuningdek, biznes samolyotlar parkini yanada kengaytirish rejalarini oshkor qilmadi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, aviakompaniya “2021-yilning kuzida PC-12 biznes-jetini ekspluatatsiya qila boshlagan va ikki oydan keyin uni yanada modifikatsiyalangan PC-24 modeliga almashtirishga qaror qilgan”.
Aviakompaniya PC-24 biznes-jetini qo‘lga kiritgach, O‘zbekiston ichida va xorijda faol ekspluatatsiyasini boshlaganini qayd etdi.
Pilatus PC-12 va PC-24 samolyotlari Shveysariyada “Pilatus Aircraft” tomonidan ishlab chiqariladi va mos ravishda 8 va 10 kishilik o‘rindiqlarga ega. Biznes-jetlar korporativ yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan va hukumat delegatsiyalarining parvozlarida foydalaniladi.
Kompaniya haqida
“Sierra Nevada Corporation” aviatsiya, kosmik, kiberxavfsizlik va ichki xavfsizlik sohalarida texnologiyalarni ishlab chiqish va integratsiyalashga ixtisoslashgan yetakchi xususiy kompaniya hisoblanadi. Kompaniya 1963-yilda tashkil etilgan va Kolorado shtatining Englevud shahrida joylashgan.
Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida parvozlar harakatida katta kechikishlar sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.