Avvalroq yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi takomillashtirilishidan kelib chiqib, hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, Yoshlar ishlari agentligiga uch oy muddatda xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish va yuritish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Bunda reyting baholash natijalariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan olis va chekka hududlardagi 100ta o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlari uchun ijarasi xarajatlariga kompensatsiya beriladi.
Xususiy o‘quv markazlarining reyting baholash natijalari agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, qaror bilan uch oy muddatda “Bolalar elektron platformasi” ishga tushirilishi belgilanmoqda. Unda bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, strategiyalar, dasturlar, ular vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan loyihalar muhokamaga qo‘yilib, takliflar shakllantirilib boriladi.
Bolalar hayotiga oid muhim masalalar yuzasidan so‘rovnomalar o‘tkaziladi. Turli sohalarda o‘z iqtidori va iste’dodini ko‘rsatayotgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olmoqchi bo‘lgan yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan prezident qarori bilan xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish, unda yuqori o‘rinni egallaganlarni rag‘batlantirish belgilangandi.
Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Avvalroq Buxoroda to‘liq foydalanilmayotgan o‘quv binolari tadbirkorlarga ijaraga berilishi ma’lum qilingandi. O‘quv binolari va xonalarni ijaraga olgan tadbirkorlar yoshlarni kasbga o‘qitib, ishli qilishlari shart. Bu yil 30ta kollej va texnikumda xususiy o‘quv kurslari boshlanishi kerak: