Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi takomillashtirilishidan kelib chiqib, hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjat bilan 1-sentabrdan boshlab xorijiy tillarni bilishning xalqaro imtihon tizimlaridan kamida C1 va unga tenglashtirilgan daraja olgan yoshlarning 6 oygacha bo‘lgan o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.

Bunda imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha o‘qish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari — 1,02 mln so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar ajratiladi.

Yoshlarga ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan olingan ayrim sertifikatlar uchun o‘qish to‘lovlari qoplab beriladi. Bunda quyidagi xalqaro imtihon tizimlari nazarda tutilgan:

  • IELTS;
  • Test DAF;
  • Goethe-Zertifikat;
  • DELF/DALF;
  • TCF;
  • TOPIK I-II;
  • JLPT;
  • NSK.

Joriy yilning 1-sentabridan 2027-yilgacha mazkur tillar bo‘yicha imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.

Arizalar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali qabul qilinadi. Kompensatsiya olishda quyidagilar to‘liq bajarilishi kerak:

  • kamida C1 va unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun o‘tmasdan murojaat qilinganda;
  • sertifikatda ko‘rsatilgan imtihon natijasining haqiqiyligi va to‘g‘riligi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tasdiqlansa;
  • o‘quvchi va o‘quv markazi bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma ilova qilinganda.

Agar 16 yoshga to‘lmagan yoshlar nomidan ota-onasi ariza topshirsa tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma Yoshlar ishlari agentligi tomonidan integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasi orqali tekshiriladi. Ariza qonuniy vakil tomonidan berilganda esa, buni tasdiqlovchi hujjat (pdf formatda) ariza beruvchi tomonidan taqdim etiladi.

Bunda imtihon uchun kompensatsiya so‘rab qilingan murojaatga qo‘shimcha o‘qish xarajati uchun kompensatsiya so‘rab murojaat qilinishi mumkin, o‘qish xarajati uchun kompensatsiya olish bo‘yicha alohida qilingan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Joriy yilning fevral oyida prezident ishtirokidagi yig‘ilishda joriy yil sertifikat olishdagi imtihon xarajati bilan birga, 6 oylik o‘qish puli ham to‘lab berilishi ma’lum qilingandi.

Iyun oyida yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini yaxshilash va talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirishga sharoitlarni kengaytirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Unda aynan xorjiy til sertifikatini olishda o‘qitish xarajatlarini qoplab berish ham belgilangan.