Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni sun’iy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimot bilan tanishdi.
Joriy yilda sog‘liqni saqlash, energetika, transport, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, qurilish kabi sohalarda 100 dan ortiq raqamlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, “MyID” va “UzFace” dasturlari 70dan ortiq tashkilot, bank, elektron savdo maydonchalari va to‘lov tizimlarida joriy qilinib, 10 mln foydalanuvchini masofaviy biometrik identifikatsiya qilish imkoniyati yaratildi.
“O‘zbekkosmos” sun’iy intellektni qo‘llab, 43 mingga yaqin yer qa’ridan noqonuniy foydalanish va ruxsatsiz qurilish holatlarini aniqladi.
Taqdimotda sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, bank, soliq, bojxona kabi sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Avvalo, sun’iy intellekt bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratish kerakligi qayd etildi. Sun’iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Xususan, bank-moliya sohasida sun’iy intellektni qo‘llashni kengaytirish, bu bo‘yicha kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda 4ta universitetda sun’iy intellekt bo‘yicha kadrlar tayyorlanayapti. Hozirda katta ma’lumotlarni qayta ishlash va til modellari bo‘yicha 600 nafar mutaxassisga talab bor.
Davlat rahbari startap loyihalarni moliyalashtirish uchun venchur investitsiyalarga keng sharoit yaratish vaqti kelganini ta’kidladi.
Shu bois startap ekotizimini rivojlantirish, venchurli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.