Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Loyiha bilan kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasini bir bankda bir omonatchiga 200 mln so‘m qilib belgilash taklif etilmoqda.
Biroq, bu qonun kuchga kirishidan oldin ochilgan omonatlarga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Markaziy bankning qonun loyihasi yuzasidan taqdim etgan sharhida keltirilgan.
Qonun loyihasida fuqaro 200 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ini bir nechta bankda joylashtirib, har bir bankdagi 200 mln so‘mdan mablag‘i bo‘yicha kafolatga ega bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Tadbirkorlarning ham banklardagi mablag‘lari kafolatlanadi.
Yuqori chegaraning belgilanishi natijasida omonatchilarning 99,7%i to‘liq qamrab olinadi. Markaziy bank dunyoda bu ko‘rsatkich 92%ni tashkil etishini eslatib o‘tdi.
Loyihada belgilangan kompensatsiya miqdori fuqarolarning mazkur qonun kuchga kirgan sanadan oldin ochilgan omonatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2008-yildagi moliyaviy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida omonatlarni to‘liq hajmda kafolatlash ayrim mamlakatlarda vaqtincha qo‘llanilgan. Bular qatorida Avstraliya, Malayziya, Vengriya hamda Germaniya kabilar bor. Ular moliyaviy inqiroz o‘tgandan keyin omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimidan voz kechib, cheklangan miqdorda kafolatlashga o‘tgan.
2009-yilgacha O‘zbekistonda ham aholining banklardagi omonatlari cheklangan miqdorda kafolatlangan bo‘lib, jahon moliyaviy inqiroziga qarshi kompleks choralardan biri sifatida mamlakatda omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimi joriy qilingan.
Hozirda omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimi 108ta davlatdan faqat O‘zbekiston, Turkmaniston va Belarusda, boshqa davlatlarda esa kafolatlashning yuqori chegarasi mavjud.
Loyiha bilan bank litsenziyasi chaqirib olinganda omonatlarni qaytarishni boshlash muddati amaldagi 2 oy 23 kundan yangi qonun kuchga kirganda 20 ish kuni, 2026-yildan — 15 kun, 2027-yildan esa 7 ish kuniga bosqichma-bosqich qisqartiriladi.
Kafolatlash fondi mablag‘larining maqsadli ko‘rsatkichi omonat bazasiga nisbatan 5% etib belgilanmoqda. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi negizida Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etiladi.
Bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilar mablag‘lari mazkur agentlik tomonidan qoplab berilishini inobatga olib, ularning bankdan talab qilish huquqi (subrogatsiya) agentlikka o‘tkaziladi.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bank tizimi barqarorligini ta’minlash orqali aholi va tadbirkorlar mablag‘lari but saqlanishi va bank litsenziyasi chaqirib olinganda omonatchilarga mablag‘lar tezkorlik bilan to‘lab berilishi ta’minlanadi.