Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 310,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Bekobod tuman bo‘limi, IIB va ETK “Zafar” filiali xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda fuqaro O‘.B. “B.” MCHJga qarashli yer maydonidagi suv nasoslarini hisoblagichdan tashqari umumiy foydalanishdagi tarmoqqa ulab olgani aniqlandi.

Buning natijasida, jami 310,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Beshariq tuman bo‘lim tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda “A.B.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari xo‘jalik ekin yer maydonini sug‘orishda jami 99,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘lim tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruvda aniqlanishicha, YATT N.K. “Fayzobod” MFY hududidagi savdo do‘konida konditsioner va muzlatkichlarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga yashirincha ulangan.

Buning natijasida jami 208,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Samarqandda qariyb 219 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Jomboy tumanida suv nasosi, Uychi tumanida esa noturar bino elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olganligi aniqlangan.