12-avgust kuni prezident tomonidan “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon qabul qilindi.
Faktoring — bu sotuvchining xaridordan pul talab qilishdan bosh tortishi evaziga unga pul berish orqali savdoni moliyalashtirish xizmati. Faktoring tovar yoki xizmatlarni bo‘lib-bo‘lib sotish uchun asosdir.
Hujjat bilan, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) faoliyatini amalga oshiruvchi faktoring tashkilotlari tashkil qilinadi.
Buning uchun ular nobank kredit tashkiloti sifatida reyestrga kiritish vositasida Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tishlari kerak.
2025-yildan mijozning kontragenti norezident bo‘lganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga, kredit tashkilotlariga faktoring shartnomalari bo‘yicha sotib olingan pul talabnomalarini qayta sotishga (refaktoring) ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi.
Pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomalar garov reyestrida ro‘yxatga olinadi. Qarzdorning roziligisiz pul majburiyatining valyutasi va to‘lov amalga oshiriladigan mamlakat o‘zgartirilishi mumkin emas.
Shuningdek, faktoring xizmatlari elektron platformasi (Faktoring platformasi) joriy qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda mikromoliya banklari faoliyatini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Mazkur bank ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘m etib belgilanadi.