“Hamster Kombat” o‘yini yaratilganidan tez fursatlarda o‘zining mashhurlik cho‘qqisini zabt etdi. Misol uchun, “Telegram” messenjeridagi mazkur mini-ilovadan birinchi uch oyda 239 mln nafar kishi ro‘yxatdan o‘tgan, kuniga 4−5 mln nafar yangi foydalanuvchi qo‘shiladi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) bu o‘yin atrofida yuzaga kelayotgan savollar, tushunmovchiliklarga oydinlik kiritish maqsadida o‘yin hisob birliklariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Agentlik boshqarma boshlig‘i Askarjon Zakirov “Hamster Kombat” kripto-aktiv bo‘lishi uchun blokcheyn texnologiyasi, uning qiymati va egasi bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Shundagina u mulkiy huquqqa tenglashtirilishi mumkin.
01
“Hamster Kombat” pul keltiradigan o‘yinmi?
“Play-to-earn” — o‘yin orqali real pul yoki boshqa qimmatli mukofotlarni olish mumkin bo‘lgan o‘yin turi.
“Hamster Kombat” esa mazkur toifadagi o‘yinlar qatoriga kirmaydi.
Bunga sabab, o‘yinda to‘plangan tangalar (hisob birliklari) utilitar kripto-aktivlardan farqli o‘laroq, ta’minlanmagan va real foyda keltirmaydi.
02
Hisob birliklari kripto-aktiv bo‘ladimi?
Kripto-aktiv — bu ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (blokcheyn) dagi raqamli yozuvlar yig‘indisi bo‘lgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq.
“Hamster Kombat"da to‘plangan hisob birliklari yuqoridagi tarifga mos kelmaydi va blokcheynga ham ega emas. Demak, mazkur birliklar kripto-aktiv hisoblanmaydi.
Biroq, agentlik kelajakda “Hamster Kombat"dagi tangalar blokcheynga o‘tishi va shu bilan kripto-aktivga aylanishi mumkinligini inkor etmaydi.
Keyinchalik, kripto-aktivni tarqatish maqsadida u kripto-platformalarda listingdan o‘tkazilishi mumkin.
Biroq, bunday kripto-aktivlar aks hollarda foydali funksionallikning yo‘qligi sabab, ro‘yxatga olinganidan keyin qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.
03
Sotib olish yoki sotish mumkin bo‘ladimi?
“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kripto-aktiv deb tan olinsa, ularni faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi.
Bunda ular kripto-birja kotirovkalash varag‘i yoki kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lishi zarur.
04
“Hamster Kombat” O‘zbekistonda qonuniymi?
ILMA “Hamster Kombat” o‘yinining hisob birliklari blokcheynga ega bo‘lmagunicha, ularning aylanmasini tartibga solish agentlik vakolatiga kirmasligini bildirdi.
Askarjon Zakirovning qayd etishicha, o‘yin tashkilotchilarining maqsadi ommaga kripto-aktiv mohiyatini hamda uning mazmunini tushuntirishga qaratilgan.
Agar hisob birliklari kripto-aktivga aylangan taqdirda, ularni pulga, xususan so‘mga aylantirishda ko‘pchilik xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Masalan, noma’lum shaxslardan pulni almashtirib olish, shubhali havolalarga o‘tish va hokazo.
Moliyaviy va raqamli savodxonlikning pastligi sabab, foydalanuvchilar kripto-hamyoni yoki bank kartalariga kirishga imkon ochib berishlari mumkin.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida, kripto-aktivlar oldi-sotdisi bilan o‘rnatilgan tartibda shug‘ullanish kerak.
05
Foydali
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderlari turlari bo‘yicha litsenziyalarning elektron reyestri yuritiladi. Ularning ro‘yxati bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Hozirda reyestrga 2ta kripto-birja, 3ta kripto-depozitariy hamda 10ta kripto-do‘kon kiritilgan. Mayning-pul bo‘yicha esa hozircha hech qanday provayder ro‘yxatga olinmagan.
Xizmat provayderlari tomonidan savdo savatiga u yoki bu kripto-aktivni qo‘shish, talab va taklifdan kelib chiqib belgilanadi.
O‘z navbatida, kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lmagan birjalar orqali kripto-aktiv sotib olish noqonuniydir.
Birinchi yarim yillikda kripto-aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha 75ta holatda elektrdan noqonuniy foydalanilgan. Jami 81,6 mlrd so‘m (15,9 mln kilovatt-soat) miqdori qayta hisob-kitob qilingan.
Joriy yilning 20-iyunidan kripto-do‘konlar uchun oylik yig‘imlar BHMning 20 baravaridan 185 baravarigacha (62,9 mln so‘m), kripto-birjalar uchun esa BHMning 400 baravaridan 740 baravariga (251,6 mln so‘m) oshirildi.
2022-yildan 2024-yilning may oyigacha kripto-aktivlar aylanmasi ishtirokchilari tomonidan budjetga qariyb 44 mlrd so‘m tushum bo‘lgan.
Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Cryptocorp”, “C-Cash” va “T-Firm” kriptodo‘konlarining litsenziyalarini olti oyga to‘xtatib qo‘ygandi.