Raqobat qo‘mitasi “Highway Logistics Center” aksiyalari bilan bitimlar tuzishda monopoliyaga qarshi talablarning buzilishi holatlarini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 16-may kuni “Orient Group Management” tomonidan “Highway Logistics Center"ning ustav fondini ko‘paytirish orqali 45% ulushga egalik qila boshlagan. Biroq, bunda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmagan.
Bundan tashqari, “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” (UzOman) 23-iyulda monopoliyaga qarshi organ roziligisiz “Highway Logistics Center"ning ustav fondidan 45% ulushni sotib oligan.
“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 26-moddasi bilan tomonlardan biri aktivlarining balans qiymati yoki yillik tushumi BHMning 250 ming baravari (85 mlrd so‘m)dan ortiq yoki aktivlarning jami qiymati yoki yillik tushumi BHMning 500 ming baravari (170 mlrd so‘m)dan oshgan shaxslar yoki guruhlar MChJ ulushlarining 1/3 qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olishi belgilangan.
Qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Orient Group Management” hamda “UzOman” kompaniyalariga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, maxsus komissiyaning ushbu qarori ustidan “Orient Group Management” sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Highway Logistics Center” 2017-yilning sentabr oyida tashkil etilgan va omborxona faoliyati bilan shug‘ullanadi. Toshkent yaqinida, “Uch Qahramon” bozori yonida logistika markaziga egalik qiladi.
Korxonaning ustav kapitali — 185,6 mlrd. Kompaniyaning 50,9% nazorat paketi “Logistics Orient"ga (100% “Orient Group Management"ga tegishli), yana 49,1% “UzOman"ga tegishli.