O‘zbekiston va Qozog‘iston ID-karta taqdim etgan holda chegarani kesib o‘tish tartibini joriy etishni muhokama qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ishlari va tashabbuslari chegara masalalari borasidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qilgan.
Xususan, O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani huquqiy rasmiylashtirishni to‘liq yakunladi, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qildi. O‘nlab o‘tkazish punktlari o‘z faoliyatini tiklab, mamlakatlar o‘rtasida odamlar harakatlanishini sezilarli yengillashtirdi.
“O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi chegaralarni haqli ravishda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigi, deb atash mumkin. 2023-yilning 1-sentabridan ichki hujjat — fuqaro ID-kartasini taqdim etgan holda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini kesib o‘tish tartibi amal qilayotgani buning tasdig‘idir. Xuddi shunday loyiha Qozog‘iston tomoni bilan ham muhokama qilinmoqda”, — dedi Abdulaziz Komilov.
Shuningdek Komilov, Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasini tavsiflashda chegara umumiy uzunligining 90%dan ortiq qismi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston tashabbusi sabab, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan chegaraoldi savdo zonalarini tashkil etish ishlari boshlandi. Hozir Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan ularni shakllantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada oxirgi 7 yilda mintaqa iqtisodiyoti 6,3%ga o‘sib, uning hajmi $450 mlrdga yaqinlashdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyoda milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish va “Bir tur — butun mintaqa” tamoyili asosida ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqishni taklif qilgandi.
2022-yilning 22-dekabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning Toshkentga tashrifi chog‘ida 2000-yil iyuldagi fuqarolarning o‘zaro kelib-ketish shartlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma imzolangandi.
2023-yilning yanvarida Qozog‘iston xorijliklarning mamlakatga kirish va qolish qoidalarini o‘zgartirdi. Mamlakatda 90 kundan ortiq qolish uchun xorijlik fuqaro vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olishi kerak.
Undan keyin o‘zbekistonliklarga Qozog‘istonda 30 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan qolishga ruxsat berildi. Mart oyida Qozog‘iston Senati bu bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qildi. Bu davr mobaynida fuqarolarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi. Ishlash uchun borganlar esa ishlash va vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olishlari kerak.