12-avgust kuni prezident qarori bilan Janubiy Koreyadan yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha kelishuv tasdiqlandi.
Kelishuv doirasida mamlakatning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6ta tezyurar poyezd sotib olish rejalashtirilgan. Bitim Koreyaning Eksim banki tomonidan taqdim etilgan qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Loyihaning umumiy qiymati 220,03 mln yevroga teng bo‘lib, shundan O‘zbekiston ulushi 21,3 mln yevroni, “O‘zbekiston temir yo‘llari"niki esa, 13,5 mln yevroni tashkil etadi.
Koreya Eksimbanki 40 yil muddatga 185,18 mln yevro ekvivalentida koreya vonida qarz mablag‘larini ajratadi. Bunda mablag‘lar 10 yillik imtiyozli davr bilan yillik 0,05% stavkada taqdim etiladi.
Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil — 2024-yildan 2030-yilgacha. Uning natijasida 303 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi hamda yangi poyezdlar yiliga 1,31 mln nafar yo‘lovchi tashishi kutilmoqda.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi “Temiryo‘lekspress” loyihani o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organlar hisoblanadi. O‘z navbatida, “Temiryo‘lekspress” qarz, ustama hamda foiz to‘lovlarini qaytaradi.
“O‘zmilliybank” qarzlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida moliyaviy agent hisoblanadi. Bankga Koreyaning vakolatli banki bilan banklararo shartnomani imzolash vakolati berildi. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov esa kreditlash to‘g‘risida bitim imzolashi mumkin.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” 2018-yildan buyon “Hyundai Rotem” kompaniyasidan poyezdlar xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Biroq 2023-yilning kuzida davlat kompaniyasi Koreyadan tezyurar poyezdlarni sotib olishi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki kelishuvga ko‘ra, Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (EDCF)dan 185 mln yevro mablag‘ jalb qilinishi, bunda kredit 35 yil muddatga, 10 yillik imtiyozli muddat bilan yillik 0,1$ stavkada berilishi belgilangandi.
Yangi poyezdlar ishga tushirilgach, Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 7 vagondan iborat elektropoyezd 351ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi va soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.