Tadbirkorlar kuni munosabati bilan davlat rahbari soha vakillaridan bir guruhini mukofotladi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.
Unda qayd etilishicha, tadbirkorlikni rivojlantirish, sohada yangi va istiqbolli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, mamlakatning iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini yuksaltirishga qo‘shayotgan hissasi uchun jami 37ta tadbirkor davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ularning tashabbuskorligi, bilim va tajribasini namoyon etib, investitsiyalarni jalb qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida jonbozligi yuqori baholandi.
Xususan, G‘ijduvon tumanidagi “Parvoz Humo Ravnaq Trans” korxonasi ta’sischisi Nurmuxamed Achilov hamda Beshariq tumanidagi “Vodiy naslli parranda” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Boxirjon Turdaliyevlar “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
“Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganlar orasida esa “Toshkent quvur zavodi” ta’sischilar kengashi raisi Leonid Galperin, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Krantas” direktori Akmal Karimovlar bor.
“Kelajak bunyodkori” medali bilan Uchtepa tumanidagi “Sofiya qandolat” ta’sischisi Bekzod Samiqjonov, Buxoro shahridagi “Truck Profi” ta’sischisi Mirsaid Kamolovlar mukofotlandi.
Bundan tashqari, “Mak Food Servis” (Evos) ta’sischisi Xusamiddin Kayumov, “Nurafshon-Nur” xususiy korxonasi direktori Muxabbat Tashmuxamedova kabilar “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Ularning ro‘yxati bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Shuningdek, prezident farmoyishi bilan jami 104 nafar biznes vakili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.
“Zafarxon” ta’sischisi, “Ermak” savdo belgisi asoschisi Validjan Salixov, “Feed Up” direktori Umid Irgashev, “Ro‘zmetov Z.M” ta’sischisi Ziyaviddin Rozmetov, “Texno Invest Proekt” rahbari Bobir Sheraliyev hamda “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i tijorat direktori Sherzod Maxmudov kabilar bor.
Mazkur mukofot bilan taqdirlanganlarning batafsil ro‘yxati bu yerda.