Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar qachon o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlaridan davlat OTMlarining alohida iqtidor talab etadigan yo‘nalishlariga ko‘chirish bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar 16−17-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetidan olishlari mumkin.
Unda kasbiy (ijodiy) va test sinovi imtihonlarining o‘tkazilish joyi, sanasi hamda vaqti haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan.
Imtihon o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelish kerak.
Shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihonlarda qatnashganlar majburiy fanlar (ona tili, matematika, tarix)dan o‘tkaziladigan test sinovlarida ham ishtirok etishlari shart. Agar ishtirok etishmasa, ularning kasbiy (ijodiy) imtihonda olgan ballari inobatga olinmaydi.
Xorijiy davlatlardagi OTMlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 19−20-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari 15-iyuldan boshlanib, arizalar 5-avgustga qadar qabul qilindi. Undan keyin tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida o‘tish ballari tasdiqlandi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 43 mingdan ortiq talabgorga imtihonga ruxsat etildi. Shundan 76%i mamlakatdagi nodavlat OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat olgan.