Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari sanalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbout xizmati xabar berdi.
Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi OTMlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 19−20-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari ikki smenada tashkil etiladi:
- 1-smenada 08:00dan 11:00ga qadar;
- 2-smenada 15:00dan 18:00ga qadar.
Test sinovlari 2ta mutaxassislik va 3ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi hamda talabgorlarga mutaxassislik fanlarida 30tadan, majburiy fanlarda 10tadan — jami 90ta test topshirig‘i beriladi. Ularni ishlash hamda javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun esa 3 soat ajratiladi.
Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani agentligining my.uzbmb.uz saytidan olishlari mumkin.
Shuningdek, nomzodlar imtihon o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelishlari kerak.
OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari 15-iyuldan boshlanib, arizalar 5-avgustga qadar qabul qilindi. Undan keyin tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida o‘tish ballari tasdiqlandi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 43 mingdan ortiq talabgorga imtihonga ruxsat etildi. Shundan 76%i mamlakatdagi nodavlat OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat olgan.