“Bloomberg” dunyoning eng badavlat kishilarining yangilangan reytingi — “Bloomberg Billionaires Index"ni e’lon qildi.

Nyu-Yorkdagi savdo natijalari asosida har kuni yangilanib turuvchi ushbu reyting milliarderlarning boyligini aks ettiradi.

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask ushbu reyting bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

15-avgust holatiga, “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari rahbarining boyligi $230 mlrdga baholanmoqda.

Ikkinchi o‘rinda “Amazon” asoschisi Jeff Bezos, uning boyligi $193 mlrdga baholangan. Kuchli uchlikni “Louis Vuitton Moet Hennessy” (LVMH) rahbari va egasi Bernard Arno $188 mlrd boyligi bilan yakunladi.

Undan keyingi o‘rinni “Meta"asoschisi Mark Sukerberg $187 mlrd bilan eggalagan bo‘lsa, kuchli beshlikni $155 mlrd bilan “Microsoft” asoschisi Bill Geyts yakunladi.

Kuchli o‘ntalikda Larri Ellison ($149 mlrd), Larri Peyj ($145 mlrd), Stiv Balmer ($144 mlrd), Uorren Baffet ($138 mlrd) va Sergey Brin ($136 mlrd) bor.

Mart oyi boshida “Bloomberg Billionaires Index"da Ilon Mask eng boy odamlar reytingida birinchi o‘rinni boy bergandi.

“Tesla” kompaniyasi aksiyalari 7,2%ga tushganidan keyin, Mask yuqori pog‘onadagi o‘rnini Jeff Bezosga boy berdi.

60 yoshli “Amazon” asoschisi Jeff Bezos 2021-yilda birinchi marta “Bloomberg"ning eng boy odamlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagandi.


Avvalroq “Bloomberg” nashri 2023-yilning dunyodagi eng badavlat oilalari reytingini ma’lum qilgandi.