Uchta hududda 468 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani anqilandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda Nurota tumanida faoliyat yurituvchi “R.” xususiy korxonasi mas’ul shaxslari suv nasosini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olgani haqida aniqlandi.

Buning natijasida korxona jami 228,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Shu kabi, Departamentning Karmana tuman bo‘limi tomonidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruvda aniqlanishicha, “K.J.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari parrandalarni parvarishlash obyekti qarzdorligi sababli gaz tarmog‘idan dalolatnoma asosida uzilgan bo‘lsa-da, o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa qayta ulanib olgan.

Natijada jami 136,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Dehqonobod tuman bo‘limi va “O‘zenergoinspeksiya” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida ham reyd tadbirida o‘tkazilgan.

Unda “Sh.Q.” dehqon xo‘jaligi rahbari Sh.Q. xo‘jalik artezan qudug‘ining 3 dona suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlandi.

Jami 103 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” uchta hududda 619 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Bekobod va Beshariq tumanlari hamda Yangiyo‘l shahrida fuqarolar elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olganligi aniqlandi.