Senat 15-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kodeks tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan 100dan ortiq qonunchilik hujjatlarini, jumladan 9ta qonunni birlashtirishni nazarda tutadi. Unda tadbirkorlik erkinligi, tenglik, adolatli raqobat, qonun ustuvorligi kabi tamoyillar mustahkamlangan.
Hujjat tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish chegaralarini belgilaydi. Kichik, o‘rta va yirik korxonalar toifalari, shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlik, ayollar va yoshlar biznesini qo‘llab-quvvatlash tizimi belgilab berildi.
Kodeksda biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari ham belgilanmoqda. Davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanadi.
Kodeksning senatorlarga taqdim etilgan versiyasi iyul oyida Qonunchilik palatasiga kiritilgan, endi uni prezident tasdiqlashi kerak. Kodeksning o‘zi 2021-yildan beri ishlab chiqilmoqda.
Tadbirkorlik toifalari
2022-yilda prezident korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvni belgilab bergandi. Kodeksning oldingi loyihasi aynan shu toifalarga bo‘linishni o‘z ichiga olgan.
Unga ko‘ra aylanmasi turlicha bo‘lgan kompaniyalar uchun quyidagicha alohida soliq rejimlari joriy etilishi rejalashtirilgandi:
- mikrobiznes — BHMning 3500 barobarigacha;
- kichik biznes — BHMning 35 ming barobarigacha;
- o‘rta biznes — BHMning 350 ming barobarigacha;
- yirik biznes — BHMning 350 ming barobaridan oshgani.
Amaldagi kodeks loyihasida biznes faqat uchta toifa — kichik, o‘rta va yirik toifalariga ajratilmoqda. Bu toifalar ishchilar soni va yillik aylanma mablag‘iga qarab belgilanadi.
Hukumat tomonidan tartibga solish
Qonun loyihasi bilan davlat organlarining ro‘yxati va ularning O‘zbekiston biznesiga nisbatan vakolatlari tasdiqlanadi. U 39ta davlat organi va ular foydalanish huquqiga ega bo‘lgan 147ta funksiyani o‘z ichiga oladi.
Loyihada tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi tekshirishlar va ruxsatnomalar ham ko‘rsatilgan. Ro‘yxatga Biznes-ombudsmanni xabardor etish orqali o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshirishlar kiritilgan.
Shuningdek, davlat nazoratining 4ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi mumkin. Bunda:
- moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qo‘llaniladi (soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar bundan mustasno);
- bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik nazarda tutilganda, faqat moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi;
- birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlar qonun buzilishini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajargan, yetkazilgan zararni qoplaganda, moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
Barcha talablarni o‘z ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlar uchun imtiyozlarning yagona reyestri shakllantirilib, oshkor etiladi. Bunda mazkur reyestrga kiritilmagan talablar bo‘yicha javobgarlik belgilash taqiqlanadi.
Tadbirkorlarga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taqiqlanishi (yengillashtiruvchi normalardan tashqari) belgilanmoqda.
Tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun barcha zarur ma’lumotlar va talablarni bir joydan olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozirda davlat organlarining barcha talab va vakolatlari turli xil normativ-huquqiy hujjatlarga bo‘linib ketgan.
Subsidiyalar
Subsidiyalar prezident qarori bilan joriy etiladi hamda uni berish tartibi hukumat tomonidan belgilanadi. Ularning asosiy yo‘nalishlari belgilanib, subsidiyalar Yagona portali orqali ajratiladi.
Davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanadi.
Yoshlar va ayollar tadbirkorligi
Shuningdek, kodeks bilan xotin-qizlar, yoshlar va ijtimoiy tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday korxonalar va aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilgan.
Xususan, yagona javobgar ayol kishi bo‘lgan taqdirda, yoki boshqaruv organining kamida 1/3 qismini ayollar tashkil etsa, ustav fondidagi ulushining 50%dan ortig’i ayollarga tegishli bo‘lsa, bu ayollar tadbirkorligi toifasiga kiritiladi. Mazkur tartib yoshlar tadbirkorligiga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar
Kodeks loyihasida yakka tartibdagi tadbirkorlar amalga oshira olmaydigan faoliyat turlari belgilab berilgan.
YaTTlar uchun qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi joriy etiladi.
Hozirda YaTTlar faqat 89 toifani o‘z ichiga olgan faoliyatning ma’lum bir turi (masalan, riyeltorlik faoliyati, yuk tashish, repetitorlik, hunarmandchilik va boshqalar) bilan shug‘ullanishlari mumkin.
Deputatlarning fikricha, kodeks loyihasi jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratadi, xususiy mulk va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qiladi.
Avvalroq tadbirkorlar kuni munosabati bilan bir qator tadbirkorlar taqdirlangani haqida xabar berilgandi.