2024-yilning 1-iyulidan O‘zbekistondagi barcha to‘lov tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi kerak. Tashkiliy shakldagi o‘zgarishlar bilan bir birga, fintex o‘z hisobotlarini nashr etish majburiyatini ham oladi.
Kompaniyalar birinchi marotaba o‘zlarining moliyaviy ma’lumotlarini e’lon qildi. “Spot” O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari va xizmatlarining birinchi yarim yillik hisobotlarini ko‘rib chiqdi va ularning deyarli barchasi iyun oyi oxiriga kelib, daromadga chiqqanini aniqladi.
Yilning birinchi yarmida quyidagi 10ta to‘lov tashkiloti eng daromadli bo‘ldi:
- “Paynet” — 137,2 mlrd so‘m;
- “Uzum Nasiya” — 135,9 mlrd so‘m;
- “Click” — 116,9 mlrd so‘m;
- “Payme” — 113 mlrd so‘m;
- “Alif Mobi” — 37,5 mlrd so‘m;
- “IT Unisoft Group” — 28,2 mlrd so‘m;
- “OSON” — 6,2 mlrd so‘m;
- “Multicard Payment” — 4,9 mlrd so‘m;
- “ATTO” — 4,6 mlrd so‘m;
- “Pay-Way” — 869,5 mln so‘m.
O‘z navbatida, “Uzcard” to‘lov tizimi operatori 406,9 mlrd so‘m, “Humo” esa 71,8 mlrd so‘m daromad oldi. Uchinchi xususiy operator “Qulay Pul"ning litsenziyasi iyul oyida Markaziy bank tomonidan bekor qilingandi.
Bundan tashqari, quyidagi to‘rtta to‘lov tashkiloti o‘tgan davrda zarar ko‘rdi:
- “YuzPay” — 300 mln so‘m;
- “United Payment Solutions” — 422,4 mln so‘m;
- “Zplat” — 1,1 mlrd so‘m (28-avgust holatiga yangilandi);
- “A-Pay” — 4,5 mlrd so‘m.
Ayni paytda to‘lov tashkilotlari reyestrida jami 43ta kompaniya ro‘yxati keltirilgan, biroq, moliyaviy hisobotlar faqat 14ta subyekt uchun mavjud. To‘lov tashkilotlarining to‘liq ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Moliyaviy hisobotlarini e’lon qilmagan kompaniyalar ro‘yxati “Atmos”, “Freedom Pay”, “Upay” (Humans Pay), “MYUzcard”, “GlobalPay”, “Marta”, “Iwon”, “Tezpay”, “Milliy pay”, “Paylov”, “Limon Pay”, “Sello” va “Dpay” to‘lov tashkilotlari bor.
Buning sababi, qolgan xizmatlar hali yangi tashiliy shakl — aksiyadorlik jamiyatiga o‘tmagani va MChJ bo‘lib qolayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 1-iyuldan qayta tashkil etish talabi kuchga kirdi va Markaziy bank yangi talablarga javob bermaydigan tashkilotlarni litsenziyasidan mahrum qila boshladi.
So‘nggi bir necha oy ichida regulyator 7−8ta to‘lov tashkilotining litsenziyalarini bekor qildi: may oyida “Payment Aggregation Systems”, “Yurt Pay”, “Instant Payment Solutions”, “Source To Pay” va “TAPP Payment”, iyul oyida esa “UzPost” shuba korxonasi, “Qulay Pul” va “Payment System Platform” litsenziyalaridan mahrum bo‘ldi.
Transformatsiyadan o‘tgan birinchi kompaniyalardan biri fevral oyida “Oson” xizmati operatori “Brio Group” bo‘ldi. 14-may kuni “Humo” to‘lov tizimi AJga o‘tishini ma’lum qildi va 24-may kuni “Uzcard” aksiyalarning dastlabki chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Shuningdek, “Click” 11-iyun kuni aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish va ustav kapitalini ko‘paytirish yakunlanganini e’lon qildi. Iyul oyida “CloudPayments"ning sobiq shuba korxonasi bo‘lgan “Xonsaroy Payments”, avgust oyida esa “Beepul” transformatsiya qilindi.