Rossiya bilan Toshkent viloyatida meva va sabzavotlarni qayta ishlash korxonasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Zoyir Mirzayev boshchiligida viloyat mas’ullari Rossiyaning Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyev bilan onlayn muloqot olib bordi.

Unda Nurafshon shahrida hamkorlikda ishga tushirilgan qiymati $10 mllik salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati va kelgusida kengaytirish ishlari reja qilindi.

Moskvaliklar viloyatda meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, quritishga ixtisoslashgan yirik loyihani amalga oshirish istagida. Loyihaning umumiy qiymati $15 mlnni tashkil etadi.

Shu maqsadda Toshkent viloyati tomonidan yer ajratish va kommunikatsiya tizimi masalalarida ko‘mak zarurligi bildirildi. Bu taklif Zoyir Mirzayev tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Yangiyo‘l tumani eng maqbul hudud ekanligi ta’kidlandi.

Hokimning Bo‘stonliq tumanida dam olish maskanlari barpo etish, ya’ni, mehmonxonalar, bolalar uchun sog‘lomlashtirish oromgohlari, sanotoriylar, dor yo‘llari qurish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos viloyatda rus va ingliz tillariga ixtisoslashgan ta’lim muassasasi tashkil etish takliflari ham ijobiy ma’qullandi.


Avvalroq “Spot” Toshkent viloyatida oqava suvlarni tozalash majmuasi qurilishi haqida yozgandi. Bu orqali 500 mingga yaqin aholi va 100dan ortiq tashkilot yangi tozalash tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.