AQSh Adliya vazirligi qidiruv tizimlari va onlayn reklama bozoridagi monopol mavqei tufayli “Google"ni bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” manbalarga tayanib xabar berdi.

“Muhokamalardan xabardor manbalarga ko‘ra, “Alphabet” korporatsiyasiga tegishli bo‘lgan “Google"ni tarqatib yuborishga urinish Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan variantlardan biridir”, deb ta’kidlaydi “Bloomberg”.

Qayd etilishicha, bu yigirma yil avval “Microsoft"ni bo‘lish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin davlatning kompaniyani noqonuniy monopollashtirish uchun tugatishga qaratilgan birinchi urinishi bo‘lishi mumkin.

Boshqa variantlar orasida kompaniyani raqobatchilar bilan katta hajmdagi ma’lumotlarni almashishga majburlash, shuningdek, “Google” sun’iy intellekt mahsulotlarida adolatsiz ustunlikka ega bo‘lishining oldini olish choralari kiradi.

Qayd etilishicha, korporatsiyani Android operatsion tizimi va “Chrome” brauzeridan mahrum qilish varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, kompaniya matnli reklama sotish uchun foydalanadigan AdWords platformasini sotishni ham muhokama qilinmoqda.

5-avgust kuni AQSh sudi “Google"ni qidiruv tizimlari bozorida monopolist deb tan olgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya smartfonlarda standart qidiruv tizimi bo‘lib qolishi uchun milliardlab dollar to‘lab kelmoqda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi “Google” va “Samsung” o‘rtasidagi kelishuvni tekshirayotgani haqida xabar berilgandi.

Monopoliyaga qarshi idoralar S24 smartfonlarida sun’iy intellektni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvning Yevropa mintaqasidagi raqobatga ta’sirini o‘rganmoqda.


Avvalroq “Spot” “Google” “Pixel 9” smartfonlarini namoyish qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, yangi mahsulotlar qatorida Pixel Watch 3 aqlli soatlari va Pixel Buds Pro 2 quloqchinlari ham bor.