“Hududiy elektr tarmoqlari” “HET Billing” dasturiy kompleksining mobil ilovasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ilova orqali iste’molchilar bevosita iste’mol qilingan elektr energiyasi hisobini kuzatib borishlari mumkin. Unda to‘lovlar, kunlik elektr energiyasi iste’moli hamda boshqa ma’lumotlar keltirilgan.
Masalan, ilovaning “Statistika” bo‘limida kunlik va oylik elektr energiyasi iste’moliga oid ma’lumotlar bo‘ladi. Ularni kVt/soat yoki mablag‘ ko‘rinishida olish mumkin.
Bir oyda sarflangan elektr energiyasi uchun ijtimoiy norma doirasidi qancha, mazkur me’yordan o‘tgan iste’mol uchun qancha mablag‘ hisoblangani qayd etiladi.
Undan foydalanish uchun iste’molchi elektr energiyasini hisoblashning shaxsiy hisob raqamini kiritishi kerak. Mobil ilova dasturi avtomatlashtirilgan holda yangilab boriladi.
Mobil ilovani Android hamda iOS operatsion tizimi qurilmalari orqali bepul yuklab olish mumkin.
Joriy yilning 1-avgustidan elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi ishga tushirilishi rejalashtirilgandi. Tizim belgilangan kundan yetti kun o‘tib ishga tushirildi.
Biroq, yangi tizimda uzilishlar kuzatilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” balans ma’lumotlaridagi xatoliklar texnik ishlar olib borilayotgani bilan bog‘liq ekanligini bildirdi.