Amerikaning “Mars” kompaniyasi oziq-ovqat bozorining yana bir yirik o‘yinchisi — “Kellanova"ni sotib olganini e’lon qildi.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, bitim $35,9 mlrdga tushadi. “Kellanova"ning bitta aksiyasi $83,5ga baholanmoqda — bu so‘nggi 30 savdo kunidagi birja narxidan 1,4 baravar qimmat.
“Pringles” chiplari Kellanova brendi portfelida asosiy o‘rinni egallaydi. Shuningdek, u “Kellogg"ning quruq nonushtasi, “Cheez-It” krakerlari va “Pop-Tarts” va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaradi.
Kellanovaning 2023-yil oxiridagi savdosi $13 mlrddan oshdi, bu “Mars” daromadining chorak qismidan ($50 mlrd) ko‘proqdir. Kompaniya 180ta bozorga mahsulot yetkazib beradi va 23 mingga yaqin xodimga ega.
“Mars” bosh direktori Pol Veyrauch gazaklar biznesini rivojlantirish uchun “muhim imkoniyat” borligini ta’kidladi.
Kompaniyalar “o‘zlarining kuchli tomonlarini birlashtirishi” va mijozlarga yangi mahsulotlarni taklif qilishlari mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.
O‘z navbatida, “Kellanova” bosh direktori Stiv Keylan bitimni “tarixiy kombinatsiya” deb atadi va strategiya hamda korporativ madaniyatdagi o‘xshashlikni qayd etdi.
“Biz „Mars“ „Kellanova“ brendlari va xodimlari uchun tabiiy uy bo‘lishiga aminmiz”, dedi u.
Avvalroq “Spot” “Wiz” kiberxavfsizlik startapi “Google” bilan $23 mlrdlik kelishuvdan voz kechgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, bitim startap bahosini ikki baravar oshirishi mumkin edi, biroq kompaniya mustaqil ravishda rivojlanishga qaror qilgan.