Toshkent shahridagi yerusti piyodalar yo‘laklaridagi lift va eskalatorlar soat 8:00dan 20:00gacha ishlamoqda. Bu haqda 15-avgust kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Senatining 55-yalpi majlisida Mudofaa xavfsizligi masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov qayd etdi.

2023-yilning dekabridagi majlisda senatorlar tomonidan Toshkentning bir nechta aholi gavjum ko‘chalari kesishmasining yerusti piyodalar yo‘laklarida o‘rnatilgan lift va eskalatorlarning nosozligi va bunga aholi e’tiroz bildirayotgani ma’lum qilingandi.

Topshiriq asosida yil boshida qo‘mita tomonidan o‘zganish ishlari olib borilib, ishlamayotgan lift va eskalatorlarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Shundan keyin, 21-fevral kuni barcha lift va eskalatorlar ta’mirlanib, ishga tushirilgan. Majlisda hozirda ular soat 8:00dan 20:00gacha ishlayotgani qayd etildi.

Tolibjon Madumarovning ta’kidlashicha, o‘rganishlarda piyodalar yerusti o‘tish yo‘laklarida o‘rnatilgan lift va eskalatorlar to‘liq ishlayotgani aniqlangan. Biroq, Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasidagi bu kabi qurilmaga o‘rnatilgan to‘rtta eskalatordan uchtasi ishlamaydi.

“Mazkur lift va eskalatorlarning nosoz holatga kelishiga aksariyat hollarda ushbu hududdan o‘tuvchi ayrim yoshlar, maktab o‘quvchilari yoki boshqalarning qurilmaning avariyaviy to‘xtash tugmasini bosib ketishlari, tugmalarni me’yoridan ortiq bosib turishlari sabab bo‘lmoqda”, — dedi u.

Qo‘mita so‘roviga asosan, Toshkent shahar hokimligi piyodalar yerusti o‘tish yo‘lagida o‘rnatilmagan 10ta lift va 6ta eskalatorni, Muqimiy va Lutfiy ko‘chasi kesishmasidagi 2ta hamda Shota Rustaveli ko‘chasidagi 1ta yerusti o‘tish yo‘laklariga o‘rnatish, nosoz bo‘lib qolayotgan lift va eskalatorlarni ta’mirlash poytaxt hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining shahar Sun’iy inshootlaridan foydalanish, saqlash va ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan boshqarmasining 2024-yilgi dasturiga kiritilgan.

Toshkent shahri hokimining qurilish va moliya-iqtisod ishlari hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov aytilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tizim yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.

“Qoshimcha 10ta lift va 6ta eskalatorni o‘rnatish masalasi joriy yilning 29-iyul kuni Xalq deputatlari shahar kengashi sessiyasiga kiritish uchun umumlashtiruvchi komissiyada ko‘rib chiqildi. Muhokamaga qo‘yilib, ma’qullangach bosqichma-bosqich moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi”, — dedi Baxtiyor Haydarov.

Toshkent shahrida 107,2 mlrd so‘mlik yerusti piyodalar o‘tish joylarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha iyul oyida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan jami 25ta yer usti piyodalar o‘tish joylarini qurish belgilangan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra shundan 20tasi uchun 107 mlrd 258,3 mln so‘m talab qilinadi. Kengash tomonidan hozirda ishlarni boshlash uchun 53,62 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ma’qullandi.