14-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11%dan 7%ga qisqartirish rejalashtirilgan. Hozirgi tizimda kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmasligi qayd etildi. Avvalroq kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda bo‘lishi ma’lum qilingandi.
Tahlillardan kelib chiqib, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va manzilli ro‘yxati shakllantiriladi. Jumladan, unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi.
Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Kambag‘allik omillarini o‘rganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8ta yo‘nalishda yagona savolnoma ishlab chiqiladi. Shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3ta toifaga ajratiladi. Har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi"ga ko‘maklashiladi.
Shu tariqa, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar ro‘yxati ham shakllantiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hokimliklar tomonidan har yili 50ta mahalla tanlab olinib, kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirib boriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish masalasi ikkilamchi darajaga tushib qolgan bois hokim yordamchilarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, asosiy e’tibor kambag‘allikni qisqartirish va ular bandligini ta’minlashga qaratiladi.
Har yili kambag‘allikni qisqartirishga 14 trln so‘m yo‘naltirilsa-da, mablag‘lar 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali, 10ga yaqin idora tomonidan berilmoqda, yagona yondashuv yo‘q.
Endi bu tizim ham o‘zgartirilib, mablag‘lar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambag‘al oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda agentlik va hokimliklar tomonidan taqsimlanadi. Bunda mablag‘lar, birinchi navbatda, oilani kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi bo‘yicha 3 bosqichda — mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinadi, jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Ish o‘rinlarini zaxiralash amaliyoti o‘rniga ehtiyojmand kishilarni ishga olgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy qilinadi. Bo‘sh ish o‘rinlari to‘liq raqamlashtiriladi.
Buyurtmachini kasanachi va frilanserga bog‘laydigan onlayn platforma tashkil qilinadi. “Ishga marhamat” monomarkazlarida kambag‘al fuqarolarni xizmatlar sohasida zamonaviy kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.
“Oxirgi yillarda to‘plangan tajriba va odamlarning ehtiyojidan xulosa qilib, kambag‘allikni qisqartirishni yangi bosqichga olib chiqish kerak. Ehtiyojmand insonlarning xohishi va imkoniyatini qo‘llab-quvvatlab, hayotga, jamiyatga olib kirish zarur. Umuman, har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bog‘lanishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ijtimoiy ko‘maklarning manzilliligi va shaffofligini ta’minlash, bandlik va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Jahon banki tahlili 2023-yilda O‘zbekistonda iqtisodiy tengsizlik kuchayganini qayd etgandi. Xususan, 10% eng boy fuqarolar daromadlari aholining eng kambag‘al qatlamiga nisbatan 5 baravar tez o‘sdi.