Turkmanistonda mamlakatdagi yagona uyali aloqa operatori “Oltin Asir mobil telefonlar uchun yangi sim-kartalarni sotishni to‘xtatdi. Bu haqda “Currenttime” nashri mamlakatdagi manbalarga tayanib xabar berdi.
“Kompaniya xodimlari pasport olib, murojaat qilgan 16 yoshli fuqarolarga ularda mavjud telefon raqamlari yo‘qligini aytib, rad javobini berishmoqda”, dedi ismini oshkor qilishni istamagan ashxobodliklardan biri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, avvallari SIM-karta xarid qilish uchun murojaat qilgan fuqarolar navbatga qo‘yilgan bo‘lsa, endilikda bu chora butunlay bekor qilingan.
“TMCell” brendi ostida ishlayotgan “Oltin Asir” xodimlari yuzaga kelgan muammolarni kompaniyaning yangi SIM-kartalar sonini ko‘paytirish uchun texnik imkoniyati yo‘qligi bilan izohlaydi.
Turkmanistonning uyali aloqa tizimida monopoliyaga ega bo‘lgan “Oltin Asir” kompaniyasi o‘tgan yilning bahorida SIM-kartalar savdosini cheklashni boshlagan edi.
Oktabr oyida kompaniya ofislarida SIM-kartalar uchun navbatlar paydo bo‘ldi, ulardagi joylar 2024-yilning bahorigacha band bo‘lgani xabar qilindi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirilgani haqida yozgandi.
Xizmat hozirda faqat GSM mobil operatorlari — Beeline, Mobi.uz, Ucell, Uztelecom, Humans tomonidan taqdim etiladi.
Raqamni saqlagan holda mobil kompaniyani qanday o‘zgartirish mumkinligi haqida qo‘llanma bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.