O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Consular Services of UZB” mobil ilovasini ishga tushirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi matbout xizmati xabar berdi.
Ilova O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqishlarida konsullik xizmatlarini olishda yordam berish maqsadida yaratilgan. U quyidagi funksiyalarga ega:
- qidiruv yoki interaktiv xarita orqali dunyoning istalgan nuqtasida O‘zbekiston elchixonalari va konsulliklarini topish;
- diplomatik vakolatxonalarning aloqa ma’lumotlari, shu jumladan manzillar, telefon raqamlari, elektron pochta va veb-saytlari;
- muayyan missiyada mavjud bo‘lgan xizmatlar (vizalarni rasmiylashtirish, pasportni yangilash, konsullik yordami va boshqalar).
Ilovani Android versiyasi uchun havola orqali yuklab olish mumkin (4.4 va undan yuqori versiyalarga mo‘ljallangan). iOS versiyasi keyinroq paydo bo‘ladi.
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev mehnat migrantlari uchun elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqishni topshirgandi. Mobil ilovada boshqa davlatlar va bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar, onlayn muloqot qilish, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish va qiyin vaziyatdagi fuqarolarga yordam ko‘rsatish belgilangan.
Prezident bunga qadar O‘zbekistonning ayrim elchixonalari va konsulliklariga mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergandi. Shuningdek, xorijdagi fuqarolar masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda uzluksiz ishlovchi “Call-markazlar"ni ochish vazifasini ham qo‘ydi.
Avvalroq O‘mon o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejim joriy qilgani haqida xabar berilgandi. Fuqarolar mamlakatga tashrif buyurganlarida 14 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin.