“Commonwealth Partnership (CMWP)” konsalting kompaniyasi bosh direktori Denis Sokolov Toshkent shahridagi kvartiralar narxining pasayishi sabablarini tushuntirib, bozordagi mavjud vaziyatni tasvirlab berdi. U o‘z fikrini “Nedvijimaya ekonomika” podkastida o‘rtoqlashdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda narxlar bir kv.metr uchun 1,4%ga arzonlashgan. Yil boshidan so‘mdagi narxlarning o‘sish sur’ati birlamchi bozorda 7,2%gacha, ikkilamchi bozorda esa 4,5%gacha pasaydi. Bu 2023-yilda mos ravishda 10,9% va 11,8% bo‘lgandi.

Denis Sokolov O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorini ko‘plab bitimlar mavjudligi hamda obyektlarning xilma-xilligi tufayli tahlil qilish qiyinligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, mamlakatda bu ishni haqiqatan ham sidqidildan amalga oshiradigan resurslar yoki tahliliy xizmatlar haligacha yo‘q. Natijada, davlat idoralaridan olingan bilvosita ma’lumotlarga tayanishga to‘g‘ri keladi.

“Biz hozir kuzatayotganlarimizdan bozorning sovishini aniq ko‘rishimiz mumkin. Bozor sovushi nima? Bu narxlar tushib ketganini anglatmaydi, bu narxlarning o‘sishi to‘xtaganini bildiradi”, — dedi Sokolov.

Shuningdek, u O‘zbekistonda narx belgilashning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirobod bozoridan tortib xonadonlar, hattoki ofis binolarigacha bo‘lgan barcha tovarlar bozorga oshirilgan narxlarda sotilmoqda, chunki savdolashish odatiy holdir. Natijada, real bitimlar ko‘pincha e’lon qilinganlariga nisbatan sezilarli darajada past narxlarda amalga oshiriladi.

Sokolov birlamchi ko‘chmas mulk bozoriga alohida e’tibor berdi. Uning ta’kidlashicha, hozirda mazkur bozorda “ishtahaning siqilishi” yuz bermoqda: mulkdorlar narxlarni ko‘tarishga harakat qilishdi, ammo hech qanday natija bermadi va endi faktik jihatdan avvalgi darajalariga qaytmoqda.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, yirik shaharlar, jumladan, Toshkent ham eksklyuziv yoki iqtisodiy segmentni hisobga olmagan holda, har kvadrat metr uchun $2 dan $4,5 minggacha bo‘lgan diapazonda yashaydi. Toshkent hozirda bu diapazonning o‘rtasida.

“Bu shuni anglatadiki, turar-joy mulki narxlarida bundan keyin yirik portlovchi o‘sish kutilmaydi. Bu uning tushishini anglatadimi? Yo‘q, albatta”, — ta’kidladi Sokolov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, sifatli qurilish narx oralig‘ining yuqori qismiga intiladi, shu bilan birga qurilish muammolari bo‘lgan sifatsiz loyihalar degradatsiya va pasayish riskiga duch kelishi mumkin.

Mutaxassis, shuningdek, kuz mavsumi ko‘chmas mulk bozori uchun muhim omil bo‘lishini ta’kidladi, chunki qishloq xo‘jaligi YIMning asosiy drayveri bo‘lib, hosilni sotishdan tushgan mablag‘ning bir qismi ko‘chmas mulk bozoriga yo‘naltiriladi. Uning fikricha, bozorda biroz jonlanish bo‘lishi mumkin, ammo yuqori o‘sishni kutmaslik kerak.

Avvalroq Toshkentda o‘rtacha ta’mirlangan uylarning ijara narxlari pasaygani, to‘liq ta’mirlanganlariniki esa biroz oshgani haqida xabar berilgandi.


“Commonwealth Partnership | Uzbekistan” tijorat ko‘chmas mulki sohasida konsalting, investitsiya va agentlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniyalar guruhining bir qismi hisoblanadi.