Mingdan ortiq fuqarolarning 550 mln so‘m pullarini o‘zlashtirgan firibgar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Samarqand viloyatida yashovchi B.O‘. bank kartasidan 7,3 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari o‘g‘irlangani bo‘yicha IIOga murojaat qildi. fuqaro murojaatida pullari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Uning natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi K.A. sodir etganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi K.A., jabrlanuvchi B.O‘.ga qo‘ng‘iroq qilib, unga “Lamifarm” tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovda televizor va konditsioner yutib olganligini, bu yutuqlarni olish uchun yetkazib berish xizmatiga 200 ming so‘m o‘tkazib berishi kerakligini aytgan.
Shuningdek, gumonlanuvchi fuqaro telefoniga kelgan kodni aytishni so‘ragan. Buning natijasida esa, “Payme” ilovasidan kelgan kodni aytishi bilan kartasidagi 7,1 mln so‘m miqdoridagi pullarini o‘tkazib olgan.
Gumonlanuvchi pullarni yashirin tarzda o‘zining foydalanuvida bo‘lgan plastik kartasiga o‘tkazib olib, fuqaroni qora ro‘yxatga kirgazib qo‘ygan.
Holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, mazkur shaxs “Telegram"da “Call Center” nomli akkaunt ochib, 1000dan ortiq fuqarolarning 550 mln so‘m pullarini o‘zlashtirganligi ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan K.A.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Toshkentda onlayn qimorxona tashkil etgan jinoiy guruh aniqlangandi. O‘zbekiston va chet el fuqarolari tomonidan Yakkasaroy tumanidagi ijara uyda tashkil etilgan qimorxona uch oyda $900 ming aylanma qilgan.