Toshkentda o‘tkaziladigan “Cyberkent” musobaqasiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa “Kiberxavfsizlik sammiti — Markaziy Yevroosiyo, CSS 2024” doirasida Kiberxavfsizlik markazi tomonidan tashkil etilmoqda. Sammit joriy yilning 9−10 oktabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mashqlar ikkita — himoyachi “Qizil” hamda hujumchi “Ko‘k” jamoa o‘rtasidagi onlayn qarama-qarshilik shaklida o‘tkaziladi. Yakka tartibda ishtirok etuvchilar uchun “Ochiq topshiriqlar” alohida yo‘nalishi mavjud.

Saralash bosqichlarida ishtirok etish uchun har bir jamoa 3 kishidan 5 kishigacha a’zolar bo‘lishi kerak. Eng yuqori ball to‘plagan 5ta “ko‘k”, 10ta “qizil” jamoa tanlab olinadi.

Har ikki tomonning eng yaxshi jamoalari quyidagicha mukofotlanadi:

  • 1-o‘rin — 50 mln so‘m;
  • 2-o‘rin — 30 mln so‘m;
  • 3-o‘rin — 10 mln so‘m.

Ochiq topshiriqlar bo‘yicha g‘oliblar esa quyidagicha taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin — 10 mln so‘m;
  • 2-o‘rin — 6 mln so‘m;
  • 3-o‘rin — 3 mln so‘m.

“Ko‘k jamoa uchun saralash bosqichi 27-avgust kuni, “Qizil” jamoa uchun esa 17-sentabrda o‘tkaziladi. O‘z navbatida, birinchi jamoa arizalarni 14−24 avgust oralig‘ida, ikkinchi jamoa 4−14 sentabr oralig‘ida jo‘natishlari mumkin.

Musobaqa haqida batafsil ma’lumotlarni 55 502 10 10 telefon raqami hamda www.cyberkent.uz saytidan olish mumkin.

Bundan tashqari, havola orqali musobaqaning Telegram-botiga ulanish imkoniyati mavjud.


Avvalroq “President Tech Award” tanloviga arizalarni qabul qilish muddati uzaytirilgani haqida xabar berilgandi.