13-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Markaziy bank Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan omonatlarni to‘liq himoya qilish bilan bog‘liq muammolar mavjudligini qayd etadi. Bunday yondashuv aholini “bankning moliyaviy ahvoli va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan” yuqori foiz stavkasida pul qo‘yishga undaydi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri bu kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasini 200 mln so‘m etib belgilash bo‘lmoqda. Regulyator tahliliga ko‘ra, bu miqdor omonatchilarning banklarga joylashtirgan mablag‘larining 99,7%ini qamrab oladi.

Cheklov bitta mijozning bitta bankdagi omonatlariga nisbatan qo‘llaniladi. Bir nechta moliya institutlarida belgilangan cheklovgacha omonatlari bo‘lganlar uchun har bir bankdagi 200 mln so‘m bo‘yicha kafolat beriladi.

Bundan tashqari, kafolatlangan omonatlar miqdorini cheklash qonun kuchga kirgunga qadar ochilgan omonatlarga ta’sir qilmaydi. 2027-yildan boshlab Markaziy bank bank litsenziyasi bekor qilinganda omonatlarni to‘lash muddatini 7 ish kunigacha qisqartirishni rejalashtirmoqda. Omonatlarni kafolatlash fondi negizida vakolatlari kengaytirilgan agentlik tashkil etiladi.

“Spot” cheklashning maqsadga muvofiqligi, belgilangan chegaraning yetarliligi va bank tizimi uchun xatarlar haqida mutaxassislar bilan suhbatlashdi.


Cheklov qanchalik zarur?

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, omonatlarning to‘liq kafolatlanishi O‘zbekiston bank tizimi uchun katta xatar tug‘diradi.

“Birinchidan, omonatchilarni foiz stavkasidan boshqa narsa, shu jumladan, bankning ishonchliligi ham qiziqtirmaydi. Bu esa xavfli, chunki bu holda pullar eng samarali banklarga emas, balki o‘z omonatchilari uchun yuqori stavkalarni ta’minlash uchun riskli operatsiyalarga yo‘l qo‘yadiganlarga ketishi mumkin. Ikkinchidan, bank menejmenti faol operatsiyalarni amalga oshirishda omonatchilar oldida ma’naviy javobgarlikni his etishmaydi”, — dedi u.

Uning qayd etishicha, negaki bu holda agar bank muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, omonatchilar baribir pullarini olishadi. Bularning barchasi banklarni xatarli operatsiyalarga undaydi va bank tizimining ishonchliligini pasaytiradi.

“Kap Depo” investitsiya kompaniyasi katta tahlilchisi Shodibek Kenjayev ham kafolatlangan omonatlar miqdorini cheklash chorasini foydali deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va omonatchilarga davlat kafolati chegaralarini aniq tushunish imkonini beradi.

“Avesta Investment Group” moliyaviy tahlilchisi Malika Ismoilova cheklov alohida banklar bankrot bo‘lgan taqdirda budjet yukini kamaytirishga yordam beradi, deb hisoblaydi.

“Bundan tashqari, bank qonunchiligining bosqichma-bosqich liberallashuvi nuqtai nazaridan cheklovning joriy etilishi mantiqan to‘g‘ri keladi — avval davlat to‘liq miqdorni kafolatlagan bo‘lsa, demak, u bank rivojlanishining barcha jihatlari ustidan deyarli to‘liq nazoratni talab qilish huquqiga ega edi. Endi esa bu bahsda banklar bozorda raqobatni kuchaytirish uchun kengroq erkinliklar va tartiblarni soddalashtirish foydasiga qo‘shimcha argumentlar olishlari mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Kafolat miqdorini cheklash natijasida ishonchlilik darajasi past banklar depozitlar bo‘yicha yuqori stavkalarni taklif qilishga majbur bo‘ladilar, ishonchlilari esa o‘z reputatsiyasi sababli barqaror stavkalarni saqlab qolishlari mumkin. Shuningdek, omonatchilar mablag‘larni banklar o‘rtasida taqsimlash uchun rag‘batga ega bo‘ladilar, bu esa bankrotlik yoki firibgarlik holatlarida xavflarni kamaytiradi.

Yuliy Yusupovning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bankning taklifi xalqaro amaliyotga mos keladi. Uning fikricha, yangi chora omonatlar uchun raqobatni kuchaytiradi va boshqa banklar omonatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.

Shuningdek, u omonatlarning kafolatlanmagan qismini qoplaydigan yangi ixtiyoriy omonat sug‘urtasi xizmati paydo bo‘lishini taxmin qildi. Avvallari sug‘urtachilar mazkur xizmatni taklif qilmaganlar, chunki davlat tomonidan to‘liq kafolatlanganligi uchun bu hech qanday ma’noga ega emas edi.

Omonatlarning chiqib ketishi bo‘ladimi?

Yuliy Yusupovning fikricha, kafolatlangan omonatlar miqdorini cheklash chorasi omonatchilarga yoqmaydi va shu sababli banklardagi omonatlarning biroz pasayishiga olib kelishi mumkin.

Shodibek Kenjayev ham uning fikriga qo‘shiladi. Uning fikricha, agar cheklovlar aholiga tegishli tushuntirishlarsiz joriy etilsa, bu asossiz vahima va mablag‘larning bank tizimidan chiqib ketishiga olib kelishi mumkin.

“Shuning uchun qonun loyihasini qabul qilishdan oldin Markaziy bank bunday cheklovlarning zarurati va maqsadini chuqur tushuntirishi kerak”, — dedi tahlilchi.

“Avesta Investment Group” tahlilchisi ham Markaziy bankni kafolatlangan omonatlar miqdorini cheklash sabablari haqida aholini faol ravishda xabardor qilishga chaqiradi. Omonatchilarning ehtiyotkorlik va hushyorligi uzoq muddatda bank boshqaruvi sifatining yaxshilanishiga, ularning bankrotlik xavfining kamayishiga va pirovardida bank tizimiga ishonchning oshishiga olib keladi, deb hisoblaydi u.

Malika Ismoilovaning fikricha, omonatchilar banklar o‘rtasida omonatlarni taqsimlashga o‘tishadi, bu esa bir oz noqulaylik va hisob ochish va yuritish xarajatlarini oshiradi. U ijobiy jihatlar qatoriga risklarni diversifikatsiya qilish va bankdan yaxshiroq foiz stavkalarini olish imkoniyatini ajratib o‘tdi.

“Omonatchilar to‘liq kafolatga o‘rganib qolishgan va shunga ko‘ra, limitning joriy etilishi xavotirga sabab bo‘lishi mumkin. Ular banklarning o‘z mablag‘larini xavfsiz saqlash qobiliyatiga shubha qila boshlashlari mumkin, ayniqsa, agar ularning omonatlari yangi kafolat chegarasidan oshib ketgan bo‘lsa. Shuningdek, yirik omonatchilar o‘zlarini himoyalanmagan his qilib, banklardan mablag‘larni yechib olishlari yoki boshqa moliyaviy vositalarga tarqatishlari xatari ham mavjud”, — deya ta’kidlaydi moliyaviy tahlilchi.

Bundan tashqari, ekspert fuqarolarning qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan qiziqishi oshishini taxmin qilmoqda. Korporativ obligatsiyalar depozitlarga xavfsiz muqobil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Aksiyalarga investitsiyalar esa yuqori daromad olishga intiladigan va tavakkal qilishga tayyor bo‘lgan investorlar uchun qiziqarli bo‘ladi.

Shodibek Kenjayev, o‘z navbatida, yuqori chegaraning belgilanishi omonatchilar ishonchining pasayishiga olib kelmasligini, balki nazariy jihatdan pul aylanmasi va inflyatsiyaning oshishiga olib kelishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

“Agar ko‘plab omonatchilar o‘z mablag‘larini turli banklar o‘rtasida taqsimlay boshlashsa, bu kreditlash uchun mavjud bo‘lgan mablag‘larning umumiy hajmini kamaytirishi, bu esa o‘z navbatida kredit va foiz stavkalarining oshishiga olib kelishi mumkin”, — dedi Shodibek Kenjayev.

Shunga qaramay, aholi va biznes, ayniqsa, hozirgi yuqori foiz stavkalarini hisobga olgan holda, banklarga pul joylashtirishda davom etadi, deb hisoblaydi Kenjayev.

Chegarani oshirish kerak

“Avesta Investment Group” MDH davlatlari va O‘zbekistondagi omonatlarni kafolatlash hajmini taqqoslab, 200 mln so‘mlik chegara yetarli degan xulosaga keldi. Biroq kompaniya “moliyaviy savodxonlik va bank tizimiga ishonchning pastligini hisobga olgan holda” cheklov chegarasini oshirishga chaqirmoqda.

banklar, markaziy bank, omonatlar, qonun loyihasi

“Kap Depo” vakili ham 200 mln so‘mlik yuqori chegarani hozirgi sharoitda yetarli, deb hisoblaydi. Cheklov oddiy fuqarolar omonatlarining aksariyat qismini qoplaydigan darajada o‘rnatiladi, ular bank muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda eng zaifi hisoblanadilar.

Biroq, uning fikriga ko‘ra, cheklov foiz stavkalarini oshirishi mumkin, chunki omonatchilar o‘z mablag‘lariga to‘liq kafolatlanganlikni ta’minlash uchun depozitlarini bir nechta banklar o‘rtasida taqsimlaydilar.

Boshqa tomondan, iqtisodchi Yuliy Yusupov omonatlar uchun qulay shart-sharoitlarni taklif qiluvchi banklarning kichik tanlovini qayd etgan holda kafolatlangan omonatlarning chegaralangan miqdorini kam deb atadi. Shu bilan bir qatorda u chegarani 2−3 barobar oshirishni taklif qildi.

“Ba'zi omonatchilarning hafsalasi pir bo‘lishi va hatto omonatlarini kamaytirishi mumkin. Lekin obyektivlik jihatdan bu chora bank tizimining ishonchliligini mustahkamlaydi”, — deya xulosa qildi Yusupov.