Uchko‘prik va Yangiyo‘l tumanlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Uchko‘prik tuman bo‘lim tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda “K.W.” MCHJ rahbari I.M. korxonaning ishlab chiqarish sexiga o‘rnatilgan quritish pechini umumiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlandi.
Buning natijasida jami 379,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Yangiyo‘l tuman bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruvda aniqlanishicha, “V.b.” bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati mas’ul shaxslari va boshqalar shirkatga qarashli transformatorga Yangiyo‘l tuman TET PK “Elektr hisob” dasturiga kiritilmagan elektr hisoblagich o‘rnatib olgan.
Buning natijasida jami 279,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” uchta hududda 468 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Nurota, Karmana va Dehqonobod tumanlarida fuqarolar elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olganligi aniqlandi.