Pokiston 126 mamlakat, shu jumladan, O‘zbekiston uchun soddalashtirilgan viza rejimini joriy qildi, deya xabar bermoqda “Tribune” nashri.
Tashrif buyuruvchilar uchun jarayonni soddalashtirishga qaratilgan yangi viza siyosati Mamlakat Federal axborot vaziri Attaullah Tarar tomonidan taqdim etildi.
“Ushbu davlatlar uchun viza to‘lovi bekor qilindi va ariza berish jarayoni ancha soddalashtirildi”, dedi u.
Uning tushuntirishicha, 30 ta savoldan iborat soddalashtirilgan shakl murojaat etuvchilarga 90 kunlik vizani tezda olish imkonini beradi.
Turizm masalalari bo‘yicha vazir kelayotgan sayyohlar xavfsizligini ta’minlash birinchi navbatdagi vazifa bo‘lib qolayotganini va Ichki ishlar vazirligi optimal choralar ko‘rilishini ta’minlash uchun viloyat hukumatlari bilan muvofiqlashayotganini ta’kidladi.
Avvalroq “Spot” Tailand 15-iyuldan O‘zbekiston uchun rasman vizasiz rejim joriy qilgani haqida yozgandi.
Endilikda o‘zbekistonliklar mamlakatga tashrif buyurganlarida 60 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin.