Senatning 55-yalpi majlisida “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Bu haqda Senat matbout xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklash, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish bilan bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
O‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmaydi.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi va nogironligi bo‘lganlar yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan fuqarolik ID-kartasi yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, ularga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritiladi.
Joriy yilning iyun oyida Qonunchilik palatasi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Avvalroq ko‘p qavatli uylar nogironligi bo‘lganlar uchun moslashtirilishi haqida xabar berilgandi. Ular uchun bank, avtomaktab, oliy ta’lim hamda tibbiyot muassasalarida qulayliklar yaratilishi majburiy qilib belgilandi.