Soliq qo‘mitalarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan taksi agregatorlari soni 142taga yetdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ulardan 136ta kompaniya maydan avgust oyining o‘rtalariga qadar ma’lumotlar bazalariga ulangan. Aprel oyida 6ta taksi xizmati, jumladan “Yandex Go” va “Uklon” soliq organlari tizimlari bilan integratsiya qilingandi.
15-avgust holatiga ko‘ra, fiskal cheklarning umumiy summasi 3 trln so‘mni tashkil etdi. Safarning o‘rtacha narxi — 18 003 so‘m.
Yil boshidan buyon agregatorlar orqali 166 mlndan ortiq qatnov amalga oshirilgan. Shundan 18,3 mlni dastlabki ikki oyga to‘g‘ri keladi. Ularning qariyb 75%i naqd pulda to‘langan bo‘lsa, bank kartalari to‘lovlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etgan.
Hozirda 361 ming nafardan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatmoqda, bu mart oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2 barobar ko‘p. Uchdan bir qismidan ortig‘i (142,6 ming nafar) 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.
Har uchinchi haydovchining oylik daromadi 1 mln so‘mdan oshmaydi. Yana 104 ming taksichi 1−5 mln so‘mdan oladi. 2%ga yaqini (7,6 ming nafari) oyiga 50 mln so‘mdan ortiq daromad oladi, 171 nafarini esa 100 mln so‘mdan oshdi.
Avgust oyi o‘rtalari holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilganlar 576,1 ming nafar yoki iyul oyining boshiga nisbatan 46 ming nafarga ko‘p. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobarga oshdi.
Avvalroq “Spot” “Uklon” kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Maksim Ostapuk bilan suhbatni e’lon qilgandi.