Rossiyaning “Yandex” kompaniyasi “Yandeks Lavka” savdo belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizalar topshirdi. Bu haqda Intellektual mulk elektron davlat xizmatlari portali bazasidagi ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.
9-avgust kuni Adliya vazirligida to‘rtta “Yandex” arizasi ro‘yxatga olindi, ular hozirda “kutish muddatida”. Belgilar turlari “ИЗ ЛАВКИ” (IZ LAVKI) hamda “Яндекс Лавка” (Yandex Lavka) so‘zli transliteratsiyalari bilan birlashtirilgan. Tanlangan ranglar oq va ko‘k.
Xat yozishmalari uchun manzil — poytaxtning Zulfiyaxonim ko‘chasi, 12-uy, biznes konsalting bilan shug‘ullanuvchi “Legalmax” yuridik firmasi joylashgan “Alfa” biznes markazi keltirilgan.
“Yandex” matbuot xizmati O‘zbekistonda “Yandeks Lavka” internet-do‘konini ishga tushirish imkoniyati haqida “Spot"ga izoh berishdan bosh tortdi.
Iyul oyi boshida “Yandex Go” Toshkentda elektrosamokatlarni ijaraga berish xizmatini ishga tushirdi. Ijara narxi daqiqasiga 890 so‘mdan boshlanadi, bitta akkauntdan 3ta samokat bron qilish mumkin. Bundan tashqari, “Yandex” poytaxtda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda.
“Yandeks Lavka” mobil ilova yoki veb-sayt orqali mahalliy omborlardan tayyor taom, oziq-ovqat va uy-ro‘zg‘or buyumlariga buyurtma berish xizmatidir. “Yandex” foodtex yo‘nalishining bir qismi 2019-yilda ishga tushirilgan.
Avvalroq “Yandex” kompaniyasi Toshkentda IT-mutaxassislar uchun amaliyot yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.