Avvalroq 2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining yakuniy natijalari e’lon qilingandi.
Joriy yilning 1-avgustidan Davlat xizmatlari markazi hamda Yagona portal orqali talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari boshlandi.
Shunga qaramay, 1-kursga tavsiya etilganlardan arizalar qabul qilish boshlangani yo‘q. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunga hozirda o‘qishga tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Talabalar turar joyi axborot tizimi"ga yuklash ishlari olib borilayotganligi sabab bo‘lgan.
“Mazkur ishlar tez orada yakuniga yetkazilgandan so‘ng, 1-kursga tavsiya etilganlar ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqida qo‘shimcha ma’lum qilinadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Tegishli reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar yotoqxonaga qabul qilinadi. Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-kurs talabalari uchun 55−65%;
- 2-kurs talabalari uchun 15−20%;
- 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20−25%gacha.
Kimlar ustuvorlikka ega?
Arizani ko‘rib chiqishda quyidagi toifaga kiruvchi talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga qabul qilinadi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari"da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari;
- oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Avvalroq Toshkentda talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxtdagi 29ta davlat OTMlarida 60ta markaz tashkil etish rejalashtirilgan.