Istiqbolli loyihalar milliy agentligi beshta sug‘urta kompaniyasiga nisbatan jazo choralarini qo‘lladi, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.
Sug‘urta tashkilotlarining moliyaviy ko‘rsatkichlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra, NAPP tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilmaslik holatlari aniqlanib, jami 117,5 mln so‘m miqdorida jarimalar undirildi.
Jarima qo‘llanilgan tashkilotlarga quyidagilar kiradi:
- “Semurg Insurance” — 45 mln so‘m;
- “O‘zagrosug‘urta” — 22,5 mln so‘m;
- “O‘zbekinvest” — 22,5 mln so‘m
- “Alskom” — 17,5 mn slo‘m;
- “Global Insurance Group” — 10 mln so‘m.
Sug‘urta bozorini tartibga soluvchining funksiyalari 2023-yilning sentabr oyida agentlikka o‘tkazilgandi.
Shu vaqt ichida agentlik “Unipolis”, “Farovon sug‘urta”, “Sharq sug‘urta” va “Euroasia Life Insurance” sug‘urta kompaniyalarining litsenziyalarini bekor qildi. Yana bir sug‘urtalovchi “Asko-Vostok” litsenziyasini rad etdi.
Shuningdek, regulyator uchta tashkilotning litsenziyalarini to‘xtatdi, ularning oxirgisi dekabr oyida “Omad Sug‘urta” bo‘ldi. Yana sakkiz nafar sug‘urtalovchi normativlarni buzganlik uchun jami 252 mln so‘m jarimaga tortildi. Aprelda “Universal Sug‘urta” kompaniyasining litsenziyasi bekor qilindi.
Fevral oyida NAPP direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak sug‘urta bozorida “nosog‘lom raqobat rivojlanganini” ta’kidladi.
U ba’zi kompaniyalarning boshqalarga nisbatan “aniq ustunligi"ga ishora qildi va bu masala amaldagi talab va qoidalarga rioya qilish bilan bog‘liqligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq “Spot” 1-iyuldan sug‘urta polisi bo‘lmagan qurilishlarni davlat tomonidan moliyalashtirish taqiqlanishi haqida yozgandi.
Bunda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi to‘liq qurilish davri uchun olingan bo‘lishi zarur.