18-avgustdan professional ta’lim muassasalariga tanlov boshlanadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 18-avgustdan 27-avgustgacha 10 kun davomida my.uzbmb.uz saytida kollej yoki texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari lozim.

Abituriyentlar tanlash muddati yakunlangunga qadar o‘z tanlovlarini o‘zgartirishlari mumkin.

Ularning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risidagi yakuniy tanlov natijalari tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta ichida e’lon qilinadi.

Joriy o‘quv yilida davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkazildi.

Bunda abituriyentlar testni 1 marotaba topshiradi va to‘plagan bali bilan dastlab oliygohga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. Agar bali OTMga yetmay qolsa, professional ta’lim tashkilotiga kirish uchun qatnashishi mumkin bo‘ladi.

Avvalroq oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari e’lon qilingandi.

Natijasidan norozi abituriyentlar 18-avgustdan 27-avgustga qadar my.uzbmb.uz sayti orqali apellyatsiya arizalarini berishlari mumkin.