Prezidentning sholi yetishtiruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga sholi yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun prezident qarorida belgilangan shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi.
2025−2026 yillarda sholi ekish uchun xarid qilingan va ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi urug‘ seyalkalari hamda ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20%i davlat budjetidan subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi.
Xorazm viloyatida sholi yetishtiruvchilarga ham qo‘shimcha subsidiyalar ajratiladi.
Bunda sholi yetishtirish uchun har bir gektar lazerli tekislangan maydonga sarflangan yoqilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining 100%ini, biroq bir gektar uchun umumiy xarajat miqdorining 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismini qoplash uchun beriladi.
Qarorda belgilangan miqdorlarda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun ham subsidiya ajratiladi.
2024-yil hosilidan, istisno tariqasida, Xorazm viloyatidagi 120 sentner va undan yuqori hosil olgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetishtirilgan sholining 50%dan oshmagan guruch mahsulotini eksportga yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
Avvalroq “Spot” Surxondaryo, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda sholi ekishga cheklov kiritish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.
Tadbirkor fermerning 10% yeriga sholi ekishni belgilab berishni, undan ortiq ekkanlarni esa jazolash kerakligini qayd etdi.