2024/2025-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan imtihon natijalariga ko‘ra, 186 871 nafar abituriyent bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalikka tavsiya etildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bilimni baholash agentligi direktori maslahatchisi Zohid Shakarov ma’lum qildi.
Shundan 41 153 nafari davlat granti asosida, 145 718 nafari to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan. O‘z navbatida kunduzgi ta’lim shakliga grant qo‘lga kiritgan talabalar 39 903 nafarni, kontraktdagilar esa 84 132 nafarni tashkil etdi.
Bundan tashqari, sirtqi ta’lim shakliga:
- davlat granti asosida (imtiyozli) -1 046 nafar;
- to‘lov-kontrakt asosida — 48 555 nafar.
Kechki ta’lim shakliga:
- davlat granti asosida (imtiyozli) — 153 nafar;
- to‘lov-kontrakt asosida — 8 455 nafar.
Masofaviy ta’lim shakliga:
- davlat granti asosida (imtiyozli) -51 nafar;
- to‘lov-kontrakt asosida -4 576 nafar.
Talabalikka tavsiya etilganlarning 14 230 nafarini imtiyozli qabul parametrlari doirasida qabul qilinganlar tashkil etadi. Shundan 10 494 nafari grant, 3 736 nafari to‘lov-kontrakt asosida tavsiya etilgan.
Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, grant asosida o‘rtacha o‘tish bali 121,7 balni, kontrakt asosida o‘rtacha o‘tish bali 94,7ni tashkil etdi.
Talabalikka tavsiya etilganlarning 120 845 ming nafarini joriy yil bitiruvchilari tashkil etadi.
2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 88 591 nafarining arizasi qabul qilinmadi.
17-avgust kuni test sinovlarining yakuniy natijalari e’lon qilindi. Natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyatsiya arizalarini 27-avgustgacha my.uzbmb.uz sayti orqali berishlari mumkin.
Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim. Arizani ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat va xabarnoma bilan agentlikka borish kerak.
18-avgustdan kollej va texnikumlarga tanlov boshlandi. Test sinovlarida ishtirok etib, OTMga kira olmagan abituriyentlar 27-avgustgacha professional ta’lim muassasalariga tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Abituriyentlar tanlash muddati yakunlangunga qadar o‘z tanlovlarini o‘zgartirishlari mumkin. Ularning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risidagi yakuniy tanlov natijalari tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.
Avvalroq 1-kurs talabalaridan yotoqxonaga arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi. Dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega yoshlar talabalar turar joyiga qabul qilinadi. Undan keyin qolgan o‘rinlarning 55−65%gacha qismi talabalikka tavsiya etilganlarga beriladi.