Avvalroq 1-kursga tavsiya etilganlar ma’lumotlari axborot tizimiga yuklanayotgani sababli arizalarni qabul qilish boshlanmagani haqida xabar berilgandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ma’lumotlarni “Talabalar turar joyi axborot tizimi"ga yuklash ishlari yakunlandi.
Endilikda, 1-kurs talabalari davlat OTMlarining yotoqxonalariga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali ariza yuborishlari mumkin.
Tegishli reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar yotoqxonaga qabul qilinadi. Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida taqsimlanadi. Bunda 1-kurs talabalari uchun yotoqxonalar 55−65%gacha ajratilishi kerak.
Arizani ko‘rib chiqishda ayrim toifaga kiruvchi talabalarga ustuvorlik beriladi. Xususan, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, reyestrga kiruvchi oilalar va yoshlar, nogironligi bo‘lgan talabalar, “Yil talabasi” tanlovi g‘oliblari va boshqalar shular jumlasidan.
Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari 1-avgustdan boshlandi. Ularni o‘quv yili yakunigacha havola orqali jo‘natish mumkin.
Avvalroq 2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining yakuniy natijalari e’lon qilingandi.