Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimini ishga tushirgandi. Undan keyin kompaniya dasturiy kompleksning mobil ilovasini ham taqdim etdi.
Bu orqali elektr energiyasi hisobi, to‘lovlar tarixi, kunlik elektr energiyasi iste’moli hamda boshqa ma’lumotlarni kuzatib borish mumkin.
Tizimga ikki usulda kiriladi: birinchisi One ID orqali, ikkinchisi esa tuman kodi va shaxsiy hisob raqamni kiritish orqali. “Spot” shaxsiy kabinetga qanday kirish mumkinligi bo‘yicha videoqo‘llanmani taqdim etadi.
Tizimga cabinet.het.uz havolasi orqali kirish mumkin. Asosiy sahifada maishiy iste’molchi yoki yuridik iste’molchi turidan biri tanlanadi.
Maishiy iste’molchi sifatida shaxsiy kabinetga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tish tugmasi bosiladi. Bunda hisob raqam hamda ekranda paydo bo‘lgan kodni kiritish kerak.
Undan keyin kompaniya bilan tuzilgan shartnomaga kiritilgan telefon raqamiga kod boradi. Shaxsiy hisob raqam va jo‘natilgan parol bilan tizimga kirish mumkin.
Ikkinchi usul — One ID orqali kirishda iste’molchi mazkur tizimda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Login va parollarni kiritgandan keyin shaxsiy hisobga o‘tiladi. Bunda viloyat, tuman va shaxsiy hisob raqamini kiritgandan keyin shaxsiy kabinet ochiladi.
Tizimning mobil ilovasidan ham shu tarzda foydalanish mumkin. Uni Android hamda iOS qurilmalari orqali bepul yuklab olish imkoniyati mavjud.
Ilova orqali ham kunlik va oylik elektr energiyasi iste’moliga oid ma’lumotlarni kuzatib borish, ularni kVt/soat yoki mablag‘ ko‘rinishida olish mumkin.
Bir oyda sarflangan elektr energiyasi uchun ijtimoiy norma doirasidi qancha, mazkur me’yordan o‘tgan iste’mol uchun qancha mablag‘ hisoblangani qayd etiladi.
Ilova undan chiqmagan holda hisobni to‘ldirish imkonini ham beradi. Agar bitta iste’molchi nomida bir nechta egalik huquqidagi uy mavjud bo‘lsa, ilova orqali ularni ham bitta akkauntda qo‘shib, kuzatib borish mumkin.
Shuningdek, “Yordam” bo‘limidagi onlayn chat yoki 11 54 yordam xizmati orqali murojaatlar qabul qilinadi.
Joriy yilning 1-avgustidan elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi ishga tushirilishi rejalashtirilgandi. Tizim belgilangan kundan yetti kun o‘tib ishga tushirildi.
Biroq, yangi tizimda uzilishlar kuzatilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” balans ma’lumotlaridagi xatoliklar texnik ishlar olib borilayotgani bilan bog‘liq ekanligini bildirdi.
Avvalroq “Spot” haydovchilik guvohnomasini qanday onlayn yangilash mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.